“Qalmoqbuloq”da tibbiy ko‘rik o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayrami oldidan “O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida Andijon viloyati Marhamat tumanining chekka hududlaridan biri bo‘lgan “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh Qalmoqbuloq mahallasida tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Qalmoqbuloq mahallasida 300 dan ortiq oila tarkibida 1,5 ming nafarga yaqin aholi yashaydi. Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatdagi markaziy tibbiyot muassasalarining malakali shifokorlari tomonidan ushbu mahalla aholisi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
– Maqsad, olis hududda yashayotgan aholi salomatligini yana bir bor nazoratdan o‘tkazish, ularning salomatligini mustahkamlash, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan kasalliklarni erta aniqlash va oldini olishdan iborat, – deydi Marhamat tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Zuhriddin Umarov. – Qolaversa, fuqarolarning tibbiy madaniyatini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng targ‘ib etishdir.
Xirurg, terapevt, kardiolog, kojvenerolog, LOR, okulist, onkolog, travmatolog, pediatr, bolalar shifokorlari, ftiziatr, akusher-ginekolog, psixiatr, OITS markazi va boshqa yo‘nalishlar mutaxassislari, UZI, rentgen, laboratoriya tekshiruvlari, mobil oftalmolog kabineti, mobil rentgen, mobil onko-kabinetlar yordamida o‘tkazilgan bepul tibbiy tekshiruvlarda aholiga zarur tavsiya va maslahatlar berildi.
[gallery-8480]
Tibbiy ko‘rik davomida keksalar, nogironlar, surunkali xastalik bilan og‘riyotgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ko‘rik davomida turli xastaliklari aniqlangan fuqarolarga viloyat tibbiy muassasalariga bepul davolanishi uchun yo‘llanmalar, shuningdek, turli dori-darmonlarga muhtoj ehtiyojmand oila vakillariga dori-darmonlar berildi.
– Mahallamizga shifokorlar kelib, tibbiy ko‘rik o‘tkazganidan juda xursandmiz, – deydi mehnat faxriysi Barchinoy Ashurova. – Qon bosimim tez-tez ko‘tarilishidan, qulog‘im yaxshi eshitmasligidan aziyat chekaman. Tekshiruvda tegishli shifokorlar ko‘rigidan o‘tdim. Salomatligimni yaxshilash uchun zarur tavsiya va maslahatlar, dori-darmonlar berishdi. Yaqin kunlarda o‘zimga mos eshitish moslamasi olib kelib berilishini aytishdi. Bizdek oddiy odamlarga ko‘rsatilgan e’tibordan boshimiz ko‘kka yetdi.
Tibbiy ko‘riklar doirasida mahalla aholisining tibbiy-ijtimoiy muammolari muhokama qilindi. Shu bilan birga, shifokorlar tomonidan turli kasalliklar kelib chiqishining oldini olish, fuqarolarning tibbiy savodxonligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat),O‘zA