Qalblarga faxr va kelajakka ishonch ruhi
Ba’zan Yurtimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni ko‘rib, inson qalbini faxr va hayajon tuyg‘usi qamrab oladi. Ayniqsa, o‘zimiz yashayotgan vohada yangi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani, olis hududlar obod bo‘lib, odamlar hayotida ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotganini ko‘rish kishiga o‘zgacha ruh bag‘ishlaydi.
Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi ham biz uchun ana shunday quvonchli damlardan biri bo‘ldi. Chunki yurtimizning har bir hududiga e’tibor qaratilishi, chekka qishloq va mahallalarda yashayotgan insonlar uchun munosib sharoitlar yaratilishi, yo‘llar, ta’lim maskanlari va ijtimoiy ob’ektlarning obod etilishi xalq farovonligi yo‘lidagi muhim qadamlardir.
Ayniqsa, yoshlarning zamonaviy bilim olishi, sifatli ta’limga ega bo‘lishi, o‘z iste’dodi va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni ko‘rib, kelajakka bo‘lgan ishonch yanada ortadi. Zero, bugun bilim olish uchun sharoit yaratilayotgan har bir yosh — ertangi kun taraqqiyotiga qo‘shiladigan ulkan hissadir.
Ta’lim sohasi vakili sifatida men uchun bu imkoniyatlar alohida ahamiyatga ega. Chunki har bir obod maktab, zamonaviy ta’lim maskani, bilim olishga intilayotgan yosh va uning kelajakka ishonch bilan boqishi ortida katta ma’no bor. Yurt ravnaqi faqat yangi binolar bilan emas, balki ana shu maskanlarda voyaga yetayotgan bilimli, mustaqil fikrlaydigan va Vatan taqdiriga daxldor avlod bilan belgilanadi.
Eng quvonarlisi, bunday o‘zgarishlar faqat markazlarda emas, balki chekka hududlarda ham sezilishi, har bir inson o‘z hayotida yangilanishlarni his etishi muhimdir. Chunki taraqqiyotning haqiqiy qadri odamlarning yuzidagi tabassumda, yoshlarning orzularida va ertangi kunga bo‘lgan ishonchida namoyon bo‘ladi.
Bugun Qashqadaryoda bo‘layotgan o‘zgarishlarga qarab, qalbimizda faxr tuyg‘usi uyg‘onadi, shu bilan birga, har birimiz zimmamizdagi mas’uliyatni ham chuqurroq his etamiz. Yurtimiz uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, yoshlarimizga puxta bilim berish va Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish — barchamizning vazifamiz.
Charos Hamroyeva,
Shahrisabz davlat pedagogika instituti dotsenti v.b.,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)