Qalbaki hujjatlar asosida xorijdan olib kelingan tovarlar fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida mamlakatimizga noqonuniy olib kelingan tovar-moddiy boyliklar fosh etildi.
Xususan, oldindan shubha ostiga olingan Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi, 2001 y.t. fuqaro boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi Toshkent shahar Chilonzor tumanida joylashgan bojxona omborida xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada unda tranzit deklaratsiyasi va yo‘l kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan 2 490 dona tibbiy buyumlar, 13 794 quti dori vositalari, 880 dona biologik faol qo‘shimchalar, 273 370 quti sigaret va tamaki mahsulotlari, 3 131 dona elektron sigaretalar, 8 591 dona uyali telefon apparatlari, 19 dona planshet va 52 dona parfyumeriya mahsulotlari borligi ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, hujjatlarda ko‘rsatilgan miqdori va boshqa xususiyatlari amaldagi holatiga mos bo‘lmagan 72 501 dona qurilish asbob-uskunalari borligi ham aniqlandi.
Avtotransport vositasi egasi poytaxtda istiqomat qiluvchi, 1978 va 1995-yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro bilan til biriktirib, ushbu tovarlarni qalbaki bojxona hujjatlari asosida qo‘shni davlatdan olib kelishgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA