Qalb kaʼbasini obod qilish ulkan savob
Ehson esa oʻz vaqtida qilinganda savobi yana-da koʻp boʻladi.
Munosabat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 30-iyul kuni xalqimizni Qurbon hayiti bilan tabriklab, butun el-yurtimizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat tiladi. Bu qutlugʻ bayramning mohiyatida mujassam boʻlgan ezgu va savob ishlar qilib yashash, oʻzaro yordam, mehr-saxovat, sabru qanoat, shukronalik, tinchlikva sogʻliqni qadrlashdek ulugʻ fazilatlar borligi xususida toʻxtalib oʻtdilar. Shuningdek, dunyo davlatlari qatori mamlakatimizni ham chetlab oʻtmagan koronavirus pandemiyasi sharoitida davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan koʻrilgan barcha chora-tadbirlarga qaramasdan, yurtdoshlarimiz orasida ushbu kasallikdan vafot etganlar ham borligini afsuslanib aytdilar. Shu bilan birga, marhumlarning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, oxirati obod boʻlishini Yaratgandan soʻradi.
Darhaqiqat, muqaddas dinimiz insonlarni boshqalarga faqat yaxshilik qilishga daʼvat qiladi. Xalqimizda “nima eksang, shuni oʻrasan” hikmati ham ana shu ezgu gʻoyaga hamohang. Moʻtabar manbalarda “Xayr-ehson, ezgulikning mukofoti faqat yaxshilik” ekani bot-bot taʼkidlanadi. Haqiqatan, insonning ikki dunyo saodatiga erishishi ezgu amallar ustiga qurilgan. Ayniqsa, bugungi pandemiya davrida buning yaqqol dalilini koʻrmoqdamiz. Saxovatpesha xalqimiz muhtojlarga yordam qoʻlini uzatmoqda.
Maʼlumki, bu yil muborak Haj ziyoratini bajarish cheklandi. Bunday noqulaylik ehsoni koʻp odamlarimiz uchun savobning yangi eshiklarini ochdi, deyish mumkin. Atrofimizda umri davomida yaxshi niyatlar bilan toʻplagan mablagʻlarini koʻmakka muhtojlarga tarqatayotgan, ularga uy qurib berayotgan, eng muhimi hayotiy ehtiyojlarini qondirayotgan vatandoshlarimizning soni-sanogʻi yoʻq. Ular bugunning qahramonlaridir. Zero, yozma manbalarda qalb kaʼbasini obod qilish ulkan savob ekani zikr qilingan.
Ehson esa oʻz vaqtida qilinganda savobi yana-da koʻp boʻladi. Xususan, oʻzida kam boʻla turib, oʻzi yordamga muhtoj boʻlsa ham, boshqalarga ilingan insonning ikki dunyosi saodatli boʻladi. Prezidentimiz ayni shu masalaga eʼtibor qaratdilar. “Zero, muqaddas hadislarda keltirilganidek, haqiqiy musulmon oʻziga ravo koʻrganini birodariga ham ravo koʻradi”, deya taʼkidladi.
Oʻz tabriklarida bugungi murakkab pandemiya davrida oʻzaro totuvlik, ahillik va hamjihatlik muhiti tobora yuksalib borishining alohida jihatlarini bayon qildilar. Bu barchamiz uchun ibrat, qilinajak ishlarimiz tadbiri, rejasi boʻlmoqda.
Bunday neʼmatlarga shukr qilish, ushbu sinovli kunlarda osoyishtalikni saqlagan holda, balolarga sabrli boʻlib, duo-yu fotihalarda bardavom boʻlishimiz ayni muddaodir.
Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiyhimoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doirqoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ham bu ezgu amallarda sobit turishimizda yana bir turtki boʻldi.
Xususan, farmonda pandemiya sharoitida aholining ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga moddiy yordam ajratish masalasigakatta eʼtibor qaratilgan.
Jumladan, farmonga asosan 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 262 470 soʻm, eng kam yoshga doir pensiyalar hamda nogironlar nafaqalari oyiga 513 350 soʻm etib belgilandi.
Dunyoda iqtisodiy inqiroz kechayotgan bir paytda xalqimizga bu qadar himmat koʻrsatilishi, oʻylaymanki, hech birimizni befarq qoldirmaydi. Aksincha, yangidan-yangi savob ishlarga undaydi. Buning uchun esa birinchi galda xolis niyat va chin qalbdan qilingan duo alohida ahmiyatga ega. Zero, Paygʻambarimiz (s.a.v) har bir amal niyatga qaralishi toʻgʻrisida marhamat qilganlar.
Xulosa qilib aytganda, solih amallarimiz, ezgu niyat va duolarimiz, sabrimiz, mehr-oqibatimiz, savobli ishlarimiz, albatta, yuksak ajru bilan mukofatlanadi.
Abduqahhor YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi oʻrinbosari