Qahramonlari ulug‘langan yurtning kelajagi bor
Ehtirom
Buxoro viloyatining “Turkon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Arabxona qishlog‘ida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Fayzulla Hodjiyevning xonadoni bayram arafasida viloyat va tuman hokimliklari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, harbiy xizmatchilar, maktab o‘quvchilari, qo‘ni-qo‘shnilar bilan gavjum bo‘ldi.
Turmush o‘rtog‘i Muhabbat Rahmatova bilan besh o‘g‘il, besh qizni voyaga yetkazgan Fayzulla ota ayni damda 101 yoshda. Qirqdan ziyod nevarayu evara ardog‘ida yurgan otaxonning ko‘ngli bu diydorlashuvdan tog‘dek ko‘tarildi.

Uchrashuvda viloyat hokimi Botir Zaripov Prezidentimizning Fayzulla otaga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida ajratilgan pul mukofotini, hokimlik va boshqa tashkilotlarning tuhfalarini tantanali tarzda topshirdi. Shuningdek, “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” yubiley medali ham taqdim etildi.
Bunday jasur insonlar hayoti va xizmatlari kelajak avlod uchun ibratdir. Xalqimiz urushda halok bo‘lganlar xotirasini unutmagani kabi bugungi kunda hayot bo‘lganlarni qadrlash, ularga g‘amxo‘rlik qilish barchamizning burchimizdir.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.