Qadriyatlar qadr topgan yurt
Biz dunyoning qadriyatlari qadr topgan, san’at va madaniyati betakror yurtda yashayapmiz. Uning rang-barangligi va jozibadorligi qalblarimizni faxrga to‘ldirmoqda. Shunday kunlarda mamlakatimizda ilk marotaba Filarmoniyalararo respublika ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
Bugun Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida mazkur tanlovning respublika bosqichiga start berdik. Unga tashrif buyurgan yoshlar, ijodkorlar va san’atsevar xalqimizning xush kayfiyatini ko‘rib, biz ham quvondik.
Bahorning ilk kunida Ona-tabiat ham bizni iliqqina ob-havo bilan siylamoqda. Yasharish, yangilanish faslining birinchi kunidan boshlangan mazkur tanlov barcha badiiy va ijodiy jamoalar vakillarini uyg‘otdi, desak adashmaymiz. Shu bilan birga, ularning har birida umid, oldinga intilish va o‘z ustida ishlash orqali yuksak marralarni zabt etish orzusini kuchaytirdi.
“Madaniyat haftaligi” doirasida o‘tkazilayotgan mazkur tanlovning Toshkent viloyati hokimligi tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganidan ham mamnunmiz. Ularning san’at va madaniyat sohasini rivojlantirishga qo‘shayotgan salmoqli hissasini alohida e’tirof etishimiz joiz.
Mazkur tanlovga eng sara asarlar taqdim etilmoqda. Barcha ishtirokchilarga omad va muvaffaqiyatlar tilab, xalqimizning kayfiyatini ko‘tarish, ular qalbiga quvonch olib kirishdek sharafli ishlarida zafarlar yor bo‘lsin, deymiz!
Hakamlar hay’ati jamoasidan esa ishtirokchilarni baholashda adolatli bo‘lishlikni kutib qolamiz!
Ozodbek Nazarbekov,
madaniyat vaziri
O‘zA