Qadimiyatdan kelgan odam (+video)
Dehqonobod… Purviqor cho‘qqilari, giyohlarga boy dorivor sayhonliklari, chavondozlikda dongdor, baxshichilikda o‘z o‘rni bor buyuk mavo. Bu yerning bahori juda o‘zgacha bo‘ladi-da. Maysalar tanasidagi billur shodalar uch kunlik kelinchak bo‘ynidagi munchoqlar yanglig‘ ko‘hna Tangiharamning adirlariga go‘zallik bag‘ishlab turibdi. Qiru adirlarda otlar uyumining dupuri, qo‘y-qo‘zilarning ma’rashi, qo‘ychibonlarning “qurey-qurey” degan sadosi to‘lib toshadi. Ana, quloqqa elas-elas o‘tovdan chalinayotgan do‘mbiraning yurakka yaqin sadosi eshitilyapti.
Do‘mbira gumburlaydi. Qodir baxshi “Alpomish”ni aytyapti. Alpomish Qultoy chol qiyofasida Boysun-Qo‘ng‘irot elini oralayapti. Sahar-sahar uyg‘otgan, tol beshiklarga suyangan enajonini yo‘qlab turibdi. Qani, endi davomi nima bo‘lar ekan, deysiz. Nafasingizni qaytarmay kutib qolasiz. Do‘mbira yana gumburlaydi. Yetti yildan beri bir-biriga intizor bo‘lgan va hozir bir-birini tanimay turgan ikki qalbning qo‘shiqlari boshlanadi. “Qultoy” – Alpomish erligini, zo‘rligini pesh qilmaydi. Koyimaydi. Gina qilmaydi. Lekin bir-bir gaplarni aytadiki, Barchinning qonga to‘lib turgan yuraklari sitilib-sitilib ketadi. Eshiting:
Oy Barchinim, yor-yor,
Gul Barchinim, yor-yor.
Ultontozga tekkancha
O‘l Barchinim, yor-yor.
Balli! Qodir baxshi o‘zicha aytdi. Xalq og‘zaki ijodini o‘ziga xos ovoz bilan tarannum etgan, elni og‘ziga qaratgan, shu yurtning ustuvorligini olamga taratgan Qodir baxshi daryodek odam edi. Daryo bo‘lganda ham ummonlarga qadar oqib bora olgan, to‘lqin bo‘lib iz sololgan daryo edi. O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim ta’biri bilan aytganda, Qodir baxshi "qadimiyatdan kelgan odam" edi go‘yo. Men yana Qodir baxshini poydor tog‘larga mengzagim keladi. Ehtimol, tog‘larni kimdir faqat toshlar yig‘indisi deb anglar. Ammo tog‘ – qorlar to‘shagida mudrab yotgan xarsanglar emas, balki jahoniy sirlardan voqif ulkanlikdir. Uning bag‘ridan otilgan buloq suvlaridan elu yurt bahramand bo‘ladi. Uning poyida unga sari intilgan qancha-qancha qirlar jonhalak…
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/mstFYWGs6jw" title="Qadimiyatdan kelgan odam" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Qodir baxshi ijod pillapoyasi davomida 70 dan ortiq dostonlarni yod oldi. O‘zi ham “Norguloy”, “Oysha”, “Eshqora bilan Do‘stqora”, “Oychinor”, “Ollonazar Olchinbek”, “Zaydinoy”, “Jarqin maston”, “Guli Sanobar” kabi o‘ndan ortiq dostonlar yaratdi. Keyinchalik u O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining azoligiga ham qabul qilindi. “Yurt bulbuli” deb tan olingan baxshi 1974 yilda Moskvada o‘tkazilgan Xalq ijodiyoti Xalqaro ko‘rik tanlovining laureati, 1979 yilda Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan III xalq ijodkorlari festivali sovrindori va 1980-82 yillarda Toshkent va Olmaota shaharlari miqyosidagi baxshi-jirovlarning anjumanlarida shohsupaga ko‘tarildi. U o‘zining yulduzday chaqnagan qisqa umri davomida tog‘lar bag‘rida umrguzaronlik qilib kelayotgan himmati baland, qalbi qamar, qadri qimmat tanti elining asriy qadriyatlarini, o‘lmas urf-odat va ananalarini samimiyat bilan kuylab o‘tdi.
Hamma nomdor polvonlarning farzandlari otasidek dong taratavermaydi. Ne baxtki, Qodir baxshining izi qutli bo‘ldi. Uning bir emas, to‘rt o‘g‘li – Qahhor, Abdimurod, Bahrom, Bahodirlar ota izidan borib, uning shonu shavkatini ko‘zga surtib, ulug‘lab kelishmoqda. Sohir ovoz sohibining bosib o‘tgan hayot yo‘li, ibratli ishlari, u boshlagan xayrli amallar bugun solih farzandlar, sadoqatli shogirdlar nazdida davom etmoqda.
Do‘mbira gumburlaydi. Dostonlar tilga kiradi. Naqorat aylanib-aylanib kelaveradi. Har aylanganda dard, alamlarga qorishib, goh ayro tushib aylanadi. Eshitib turgan odam bo‘lsa yuragini hovuchlaydi. Ishqilib, shu qo‘shiq tugab qolmasin-da. Uzoq-uzoqlarga cho‘zilib aytilaversin-da, degan iltijo chirmab oladi yurakni. Bizning nazarimizda baxshimiz hech qachon mangulikka bosh qo‘ygan emas, uning qo‘shiqlari mangu barhayot. Soz va ovoz uyg‘unligidagi u aytgan terma-yu, dostonlar nainki ko‘hna Tangiharamda, nainki O‘zbekistonda, balki butun jahonda yangrab turaveradi.
O‘tkir ALIMOV, O‘zA