Qadimiy va ulug‘vorsan ona tilim
21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni
Har yili yurtimizda 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. Aslida buni bir kun emas doimiy ravishda nishonlash va e’tiborda tutmoq lozim. Shundagina ona timimizga bo‘lgan hurmat yanada kuchayadi.

Tarixdan ma’lumki, she’riyat mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy o‘zbek tilining asoschisi sifatida tarix sahnasiga chiqquniga qadar tilimiz o‘z erkiga erishgan emas. Bugunda buni chuqur his etib yosh avlodga o‘zbek tilining naqadar qadimiy va ulug‘vorligini singdirib bormoq kerak. Sana munosabati bilan joylarda tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filialida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligi hamda 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Tilga e’tibor – elga e’tibor” va “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Namangan viloyati bo‘limi bilan hamkorlikda davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

– Ona tilimiz asrlar osha taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi – deydi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Ahrorbek Akbarov. – Mamlakatimiz hayotiga kirib kelgan hurlik shabadalari ilk bor istiqlolimizdan ikki yil burun tilimizga davlat tili maqomi berilishi bilan elimizni mamnun etdi. Shu sabab ham 1989 yilning 21 oktyabr sanasi o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida tarix zarvaraqlariga muhrlandi. Ayni shu sana O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanib kelinayotgani ham bizni faxru iftixorga to‘ldiradi.
Aslida, millatning nufuzi ana shu millat, xalq tilining qanchalik keng tarqalganligi, mukammalligi, ommalashganligi, boy va sofligi bilan belgilanadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.