Qadim darvozalardan taraqqiyot sari
Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Guzarboshi mahallasi boy tarixi, ahil aholisi va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan e’tiborga molik hududlardan biri hisoblanadi. Poytaxtning ko‘hna shahar qismida joylashgan mazkur mahalla bugun o‘zining tarixiy muhitini saqlagan holda zamonaviy taraqqiyot sari odimlamoqda.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, hozirgi Guzarboshi mahallasi hududida Toshkentning qadimiy o‘n ikki darvozasidan ikkitasi – Sag‘bon va Chig‘atoy darvozalari joylashgan. Bir vaqtlar shaharning muhim kirish nuqtalaridan sanalgan bu hudud asrlar davomida savdo-sotiq, hunarmandchilik va dehqonchilik rivojlangan maskan sifatida tanilgan.
Guzarboshi mahallasi tarixi XIX asr oxirlariga borib taqaladi. Dastlab bu hudud Sag‘bon mahallasi nomi bilan yuritilgan bo‘lsa, 1930-yillarda unga Ittifoq nomi berilgan. 1999-yilda esa Akademik Obid Sodiqov mahallasi to‘liq, shuningdek, Qo‘shtut, Achaobod va Shoshiy mahallalarining bir qismi birlashtirilib, yangi mahalla tashkil etildi va unga Guzarboshi nomi berildi.
Bugungi kunda mahallada 8 ming 110 nafar aholi istiqomat qiladi. Oilalar soni 2 ming 404 tani tashkil etadi. Hududda 303 ta yerli xonadon va 34 ta ko‘p qavatli uy mavjud. Nurafshon, Sag‘bon, Farobiy, Shoshiy, Sariqsuv, Maqola, Hurriyat, Ko‘kzor, Omonat va Tarix ko‘chalari mahallaning asosiy hududlarini qamrab olgan.
So‘nggi yillarda mahallada amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari uning qiyofasini sezilarli darajada o‘zgartirdi. Xususan, “Eski shahar rekonstruksiyasi” dasturi doirasida hududda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Eski ko‘chalar o‘rnida keng va ravon yo‘llar barpo etildi, ko‘p qavatli turar joylar, bolalar maydonchalari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurildi. Ichki yo‘llar asfaltlanib, elektr ta’minoti hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari yangilandi.
[gallery-30357]
Mahallada aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Kam ta’minlangan, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va nogironligi bo‘lgan shaxslar yashovchi oilalarga davlat va homiylar tomonidan muntazam yordam ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, mahalla hududida joylashgan 11-umumta’lim maktabida o‘quvchilar soni ortishi munosabati bilan qo‘shimcha o‘quv binolari qurildi. Bu yosh avlodning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilayotgan sharoitlarning yana bir ifodasi bo‘ldi.
2025-yilda “Eski shahar” hududini turistik maskanga aylantirish borasidagi chora-tadbirlar doirasida Kaykovus kanali bo‘yidagi 21 ta xonadon kapital ta’mirlanib, aholi uchun yanada qulay sharoitlar yaratildi. Bu ishlar mahallaning turistik jozibadorligini oshirish, uning tarixiy qiyofasini asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazishga xizmat qilmoqda.
Guzarboshi mahallasi o‘zining mashhur farzandlari bilan ham faxrlanadi. Bu zamindan akademiklar Obid Sodiqov va Abduvali Abduvahobov, general-leytenant Sobirjon Oxunjonov, davlat va jamoat arboblari, xalq rassomlari, sportchilar va san’at namoyandalari yetishib chiqqan.
Hudud taraqqiyoti va aholi farovonligini ta’minlashda mahalla faollari va nuroniylarining o‘rni alohida. Mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan aholi murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, oilalar tinchligini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yaqin kelajakda mahalla guzarini zamonaviy qiyofada qayta barpo etish, maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish, hududni yanada ko‘kalamzorlashtirish, turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish va aholi uchun yangi qulayliklar yaratish rejalashtirilgan.
Guzarboshi mahallasi bugun o‘zining ko‘hna tarixi va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unligi bilan Yangi O‘zbekistonda mahalla tizimining imkoniyat va salohiyatini yaqqol namoyon etib kelmoqda.
Kamola Yusupova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA