Qadim an’analariga sodiq turkmanlar
Sayohat manzillari
Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida joylashgan Pomuq shaharchasi ko‘plab millat vakillari ahil-inoq yashab kelayotgan hududlardan sanaladi. Tuman markazidan qariyb 60 kilometr masofa uzoqlikda joylashgan ushbu hududda o‘zbek, turkman, arab, tojik, tatar, rus, koreys kabi o‘nlab millat vakillari istiqomat qiladi. Ularning asosiy qismini turkmanlar tashkil etadi.
Bir paytlar asosiy tirikchiligi faqatgina chorvachilikdan iborat bo‘lgan turkmanlar bugun har sohada rivojlanishga erishgan. Buni Pomuq shaharchasidagi o‘zgarishlardan ham anglash mumkin. Shaharcha qiyofasi bugungi kunda tubdan o‘zgargan. Ravon va tekis yo‘llar, zamonaviy ishlab chiqarish ob’ektlari, savdo do‘konlari, madaniyat saroylari, umumiy ovqatlanish joylari va hakazo.
Lekin bu galgi hikoyamiz Pomuqdagi zamonaviylashgan hayot va obod turmush haqida emas, aksincha hududda bugunga qadar saqlanib kelayotgan qadimiy an’analar, urf-odatlar to‘g‘risidadir.
[gallery-18832]
Dastlab Pomuq madaniyat va aholi dam olish markazi faoliyati bilan tanishdik. Bugungi kunda markazda doira, an’anaviy ashulachilik, xalpachilik va estrada to‘garaklari, shuningdek, “Sarvinoz” folklor jamoasi faoliyat yuritib kelmoqda.
Ayniqsa, Sobir Aminov rahbarlik qilib kelayotgan “Sarvinoz” folklor jamoasi turkman milliy qo‘shiqlarini qayta tiklash, bayram va sayllarda ijro etish orqali umrboqiyligini ta’minlashga muhim hissa qo‘shmoqda.
Yosh yigitning yorga dil izhori, shaddod yorning javobi, ikki oshiqning qalbni to‘lqinlantiruvchi aytishuvlari, sof turkmancha lahjada yangrayotgan bu ulanlar ko‘ngilga huzur beradi...
Bugunga qadar turkman yigit va qizlari taxyani (turkman milliy do‘ppisi) odatiy hayot tarzida ham kiyishni kanda qilmaydi. Ayniqsa, kelin seplaridagi kiyimlarning asosiy qismi milliy liboslardan iborat bo‘ladi. Ayollar liboslarining yoqalariga tikilgan naqshlar va uning tovongacha yopib turuvchi uzunligi o‘zining qadimiy ko‘rinishini saqlab qolgan. Milliy yaktak va choponlarning girdilariga tikilgan qo‘chqor shoxi va tuya o‘rkachi shaklidagi naqshlar qadimdan turkmanlarning chorvador xalq ekaniga ishora, deydi ular.
– Qo‘limdagi bosh kiyim shilpili g‘ubba deb ataladi, – deydi Oybahor Andayeva. – Bu bosh kiyimni turkman qizlari turmushga chiqquncha bayramlarga, to‘ylarga, sayllarga kiyib chiqishgan. To‘ydan keyin ro‘mol o‘rashgan. Bundan tashqari, quroqlar tikamiz, gilamlar to‘qiymiz, turkman ko‘ylaklari tikamiz. Buni momolarimizdan o‘rganganmiz. Zamon bilan hamnafas yursak ham bu kabi qadimiy odatlarimizni, liboslarimizni unutmaymiz va farzandlarimizga ham o‘rgatamiz.
Turkman milliy qadriyatlari, urf-odatlari haqida ma’lumotlar to‘plar ekanmiz, haqiqiy turkman tili bugungi kunda pomuqlik turkmanlar tilida ham saqlanib qolgan yoki qolmaganiga qiziqdik. Pomuqlik turkmanlarning ta’kidlashicha, o‘tgan yillar va har xil millatlar bilan aralashib yashash turkman tiliga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmagan. Turkmancha lahjada so‘zlashsakda, tilimiz o‘z aslini yo‘qotib boryapti, deydi ular. Ammo haqiqiy turkman tilida so‘zlovchi faxriylar hali ham borligini qo‘shimcha qilishdi.
– Ota-bobolarimizning hikoya qilishicha, Amudaryo bo‘ylaridan mol-qo‘ylarini boqib shu joylarga kelib, o‘troq hayot kechirib qolishgan, – deydi faxriy pedagog Itolmas Muhammedov. – Asli ajdodlarimiz Amudaryo bo‘yiga yaqin joylashgan Libob turkmanlariga borib taqaluvchi arsari urug‘idan. Ota-bobolarimiz asosan chorvachilik bilan shug‘ullangan. Qo‘y junidan gilamlar to‘qishgan. Savdo-sotiq qilishgan. Turkman tilining sofligi saqlanib qolishiga kelsak, Pomuqda bugungi kunda o‘nlab millat vakillari yashaydi. Bir-biri bilan quda-anda bo‘lib ketishgan va bu tilning o‘zgarishiga ham olib kelgan. Men maktabda uzoq yillar turkman tilidan dars ham berganman. Albatta, bu bizning ona tilimiz, uni unutmaymiz.
Turkman milliy odatlaridan hozirgi kungacha saqlanib qolganlaridan yana biri ularning milliy taomlaridir. Qadim-qadimdan turkman oilasida mol so‘yilgan kun “sho‘lat” deb ataluvchi mazali taom tayyorlangan. Ushbu taomning tayyorlanishi bilan ham tanishishga muvaffaq bo‘ldik.
– Qadimdan turkman oilasida mol so‘yilganda “sho‘lat” taomi tayyorlangan va hozir ham shunday, – deydi Pomuq shaharchasi xotin-qizlar faoli Nasiba Qodirova. – Molning o‘pkasi, jigari, buyragi, yuragi va go‘shtidan qo‘shib qiymalanib, ziravorlar qo‘shilib, o‘zidan chiqqan charvisiga uraladi va tikiladi. Uni sho‘rvaga solib pishiriladi. Bitta katta molning charvisidan 25 tagacha sho‘lat chiqishi mumkin. Taom qo‘ni-qo‘shnilarga ham ulashilgan. Bu taomning tarixi juda uzoq, ammo bugungi kungacha turkman oilalarda tayyorlanib kelinadi. Juda quvvatli va mazali taom.
Vaqtimiz tig‘izroq bo‘lgani bois sho‘latning ta’mini tatib ko‘rish keyingi safarga qoldi, ammo tayyorlanishidan juda tansiq taom ekanligi ko‘rinib turibdi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mamlakatimizda yashayotgan har bir millat vakillari o‘z qadriyatlarining sofligini saqlab qolgan holda emin-erkin hayot kechirishmoqda. Buni pomuqlik turkmanlar misolida ham ko‘rish mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/TxXn_XUalAY?si=Jt_Lf2xP_g10o8i2" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari