Qabristonlar tartibga keltirilmoqda
Jizzaxda Qurbon hayiti arafasida qabristonlarni obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi “Qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Qurbon hayiti arafasida Jizzax viloyatida keng ko‘lamli umumxalq hasharlari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, ziyoratgohlarni obod etish, sanitariya-tozalik holatini yaxshilash, muqaddas qadamjolarni munosib saqlashga qaratilgan ezgu ishlar xalqimizga xos hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlamoqda.

Joriy yilning 23–24-may kunlari viloyatning shahar va tumanlaridagi qabristonlarda hududlarni tartibga keltirish, yo‘laklarni obodonlashtirish, begona o‘t va chiqindilardan tozalash, ko‘kalamzorlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonlarda mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillarining faol ishtiroki qaror ijrosining joylarda amaliy harakatlar bilan ta’minlanayotganini yaqqol ko‘rsatdi.

Ayniqsa, Zomin tumanidagi mahallalarda tashkil etilgan hashar tadbirlari aholining yurt obodligi va ajdodlar xotirasiga bo‘lgan yuksak ehtiromini yana bir bor namoyon etdi. Jumladan, “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘inining So‘fimozor qishlog‘ida joylashgan “So‘fi ota” qabristonida o‘tkazilgan hasharda qabriston hududi tartibga keltirilib, begona o‘tlar tozalandi, yo‘laklar obod qilindi, atrof muhit ozodaligi ta’minlandi. Erta tongdan boshlangan xayrli tadbirda qishloq aholisi, nuroniylar va yoshlar yelkadosh bo‘lib ishtirok etishdi.

Shuningdek, Nihol mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi qabristonda ham keng qamrovli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Hashar davomida qurib qolgan shox-shabbalar olib tashlanib, yo‘laklar tartibga keltirildi, hudud fayzli va saranjom holatga keltirildi. Eng muhimi, bu xayrli ishlar mahalla ahlini yanada birlashtirib, ajdodlar xotirasiga ehtirom va ma’naviy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘usini mustahkamladi.

Navoiy mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi "Bosh Peshag‘or" qabristonida o‘tkazilgan hashar tadbiri ham uyushqoqlik va hamjihatlik ruhida kechdi. Tadbir davomida hudud tozalandi, begona o‘tlar yig‘ishtirildi, yo‘laklar obodonlashtirildi hamda atrof muhitni ozoda saqlash ishlari amalga oshirildi. Ushbu xayrli tashabbusda mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va qishloq aholisi faol qatnashishdi.

Bunday ezgu ishlar faqatgina qabristonlarni obod etish bilan cheklanib qolmayapti. Ularning zamirida xalqimizning azaliy qadriyatlari, ajdodlar xotirasiga ehtirom, mehr-oqibat va daxldorlik tuyg‘ulari mujassam. Qurbon hayiti arafasida amalga oshirilayotgan hasharlar jamiyatda hamjihatlik, poklik va ma’naviy mas’uliyat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
E’tiborlisi, bu kabi xayrli tadbirlar nafaqat Zomin tumanida, balki Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlaridagi qabristonlarda ham bo‘lib o‘tmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri