Puxta tayyorgarlik – mo‘l hosil garovi
Toshkent viloyatida pilla urug‘ini olib kelish, pilla qurti boqish hamda tayyor mahsulotlarni pillachilik korxonalariga yetkazib berish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hududda 8 ta pillani qayta ishlash korxonasi faoliyat yuritadi. Ushbu korxonalarga 11 ta pilla yetishtiradigan tuman (Bekobod, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Ohangaron, Piskent, Yangiyo‘l, Chinoz, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Bo‘stonliq)lar biriktirib berilgan.
2021 yil mavsumida viloyatda 27 ming 302 quti ipak qurti urug‘i parvarishlanib, 1 ming 529 tonna tirik pilla yetishtirish rejalashtirilgan. bugungi kunda kontraktatsiya shartnomalarini tuzish ishlari to‘liq yakuniga yetkazilgan.
Fermer xo‘jaliklari va qurt boquvchilar (zveno) o‘rtasida jami 20 ming 681 quti ipak qurti parvarishlash bo‘yicha ichki mehnat shartnomalari tuzilgan. Mavsumni samarali o‘tkazish maqsadida ko‘plab mas’ul tashkilotlar jarayonga jalb etilmoqda. Toshkent viloyatida bugungi kunda 273 dona inkubatoriya mavjud bo‘lib, ular orqali fermer xo‘jaliklari hamda qurt boquvchi zvenolarga urug‘ tarqatish borasidagi ishlar boshlab yuborilgan. Mavjud inkubatoriyalarga ipak qurti urug‘larini jonlantirish uchun ob-havo sharoitidan kelib chiqib 8 apreldan 25 aprelgacha bo‘lgan muddatda qo‘yish rejalashtirilgan.
Pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan jonlangan ipak qurti urug‘larini parvarishlash uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilgan. Ipak qurtlarining ozuqasi uchun 3 ming 596 gektar tut plantatsiyalar va 4 million 263 ming dona tut qatorlari parvarishlanmoqda. Bundan tashqari, 2021 yilda jami 3 million 611 ming dona tut ko‘chati ekildi. Fermer va klaster xo‘jaliklari, pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan ham yangi tutzorlar barpo etildi.
Shuningdek, Bo‘ka va Oqqo‘rg‘on tumanlarining har birida 1 million AQSH dollarlik qiymatidagi pillani qayta ishlash korxonalarini qurish ishlari boshlangan. Bu esa o‘z-o‘zidan 2 ming 400 ta doimiy va 57 ming 700 ta mavsumiy ish o‘rinlarini yaratish imkonini berdi.
Joriy yilda pillani qayta ishlash hisobiga jami 3 million 800 ming AQSH dollari miqdorida eksport ishlari amalga oshiriladi. Umuman olganda viloyatda pillachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
A.Musayev,O‘zA