Puxta amaliyot – tajriba va malaka asosi
Mamlakatimizda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda.Toshkent shahar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tomonidan ham tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilayotir. Kollej bitiruvchilari haqida barcha ma’lumotlar jamlanib, ularning amaliyot o‘tashini tashkil etish va ishga joylashishiga ko‘maklashish uchun o‘quvchilar korxona va tashkilotlarga shartnoma asosida biriktirilmoqda. O‘quvchilarning amaliyot mashg‘ulotlarini yuqori saviyada o‘tkazishi, bo‘lg‘usi faoliyati bo‘yicha zarur ko‘nikmaga ega bo‘lishi hamda ishga joylashishi doimiy nazoratda.
– Bu kabi sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda, – deydi Toshkent shahar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Shirinbek To‘ychiboyev. – Hozirgacha 2014-yilda kasb-hunar kollejlarini tamomlagan yoshlarning ko‘pchiligi ish bilan ta’minlandi. 2200 ga yaqin bitiruvchi oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirmoqda.
Yoshlarning o‘z tadbirkorligini tashkil etishi uchun ham keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Tijorat banklari mutaxassislari ishtirokida joylarda seminarlar o‘tkazilib, ularga biznes reja tuzishdan ish yuritishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda iqtisodiy, huquqiy, moddiy va ma’naviy ko‘mak berilmoqda. Natijada shu kungacha ko‘plab yoshlarning biznes loyihasiga tijorat banklarining imtiyozli kreditlari ajratildi.
Toshkent politexnika kasb-hunar kollejida 1155 o‘quvchi tahsil oladi. Mazkur bilim maskanidagi barcha jihozlar bilan ta’minlangan maxsus fan xonalari, ishlab chiqarish ustaxonalari, ikkita laboratoriya, zamonaviy komputer xonalari, sport zali, axborot-resurs markazi – yoshlar ixtiyorida. Fanlar bo‘yicha tashkil etilgan to‘garaklar o‘quvchilarning bilim va salohiyatini oshirishga ko‘maklashmoqda.
Kollejda yoshlarga moliya, buxgalteriya hisobi, transport vositalaridan foydalanish va ta’mirlash, tikuv va tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi, keng assortimentdagi kiyimlarni loyihalash va modellashtirish kabi yo‘nalishlarda ta’lim beriladi. Mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, oshpazlik, elektr jihozlari va tarmoqlari montaji, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha texnik-elektrik yo‘nalishlari ham ochilgan.
Kollejni joriy yilda tamomlaydigan yigit-qizlar o‘quv amaliyotini Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti, Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti kabi oliy o‘quv yurtlarining laboratoriya va ishlab chiqarish ustaxonalarida olib bormoqda. Bu ularning o‘z sohasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.
O‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini sifatli tashkil etish va kelgusida ularni ish bilan ta’minlash maqsadida “Nefis collection”, “YU-Teks”, “Himoya-kiyim”, “Samo-Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, “Elektroapparat-elektroshit” qo‘shma korxonasi, «Toshissiqquvvati» ishlab chiqarish birlashmasi unitar korxonasi singari qator tashkilot va korxonalar hamda kichik biznes subyektlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
“Kollej – korxona” tizimi asosida yoshlarning ish bilan ta’minlanayotgani ham korxona, ham kollej, ham o‘quvchi uchun foydali bo‘layotir. Masalan, bolalar kiyimlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi «Nefis collection» jamiyatida kollej bitiruvchilari faoliyat yuritmoqda.
– Dugonalarim bilan ishlab chiqarish amaliyotini mazkur korxonada o‘tagan edim, – deydi yosh mutaxassis Aziza Muhammedova. – Kollejni bitirib, mehnat faoliyatimni shu yerda boshladim. Ishimdan, oilamga nafim tegayotganidan mamnunman. Kelajakda o‘z xususiy biznesimni yo‘lga qo‘yish niyatidaman. Buning uchun yurtimizda barcha shart-sharoit yaratilgan.