Pumse bo‘yicha O‘zbekiston chempionlari aniqlandi
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida joylashgan “Alpomish“ sport saroyida start olgan taekvondo WT bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatining pumse yo‘nalishi bo‘yicha kadetlar va yoshlar bellashuvida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Chempionatning kadetlar yo‘nalishida Robiya Mirasqarova hamda Azizbek Sobirov yakkalik chiqishlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, juftliklar o‘rtasida F.Xolmahamatov va D.Qudmurodova tandemi g‘olib bo‘ldi. Jamovaiy bahslarda Farg‘ona qizlar jamoasi birinchi o‘rindan joy oldi. Ushbu yo‘nalishning o‘g‘il bolalar bellashuvlarida Toshkent viloyati pumsechilariga teng keladigani topilmadi.
Yoshlar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida Mushtariy Ilhomjonova va Kamron Abduhamidov shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Shuningdek, R.Rahmonberdiyev hamda R.Otaboyeva juftliklar orasida eng yaxshi natijani qayd etdi. Toshkent shahri jamoasi qizlar o‘rtasidagi jamoaviy bellashuvlarda mamlakat chempioniga aylandi. Bu yo‘nalishda yigitlar o‘rtasidagi raqobatda Farg‘ona viloyati jamoasi birinchi bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA