Prokuror musobaqa ishtirokchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
Sirdaryo viloyati prokurori Savid Imatov “Yoshlar kuni” doirasida Guliston shahridagi Bolalar sport majmuasiga tashrif buyurib, gandbol bo‘yicha o‘smir qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Sirdaryo viloyati kubogi” musobaqasi ishtirokchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Tashrif avvalida viloyat prokurori sport majmuasida yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mashg‘ulotlar jarayoni va sport infratuzilmasi bilan tanishdi. Murabbiylar hamda yosh sportchilar bilan suhbatda ularning musobaqalarga tayyorgarligi, erishgan natijalari, kelgusidagi rejalari hamda sportni rivojlantirishga oid takliflari muhokama qilindi.


Muloqot chog‘ida iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib shart-sharoit yaratish, ommaviy sportni rivojlantirish va xalqaro maydonlarda mamlakat sharafini munosib himoya qiladigan sportchilarni tayyorlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.




Shundan so‘ng Savid Imatov gandbol bo‘yicha “Sirdaryo viloyati kubogi” musobaqasi bellashuvlarini kuzatdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda yosh sportchilarning texnik mahorati, jamoaviy o‘yini, intizomi va g‘alabaga bo‘lgan intilishi yuqori baholandi.
Uchrashuv davomida sportchi yoshlar ham o‘z fikr va takliflarini bildirdi. Xususan, mashg‘ulotlar sifatini yanada oshirish, musobaqalar ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlash va iqtidorli sportchilarni rag‘batlantirishga doir takliflar ilgari surildi.


Eng muhimi, “Yoshlar kuni” doirasida tashkil etilgan mazkur ochiq muloqot sportchi yoshlar uchun amaliy ahamiyat kasb etdi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha mutasaddilar bilan bevosita muloqot qilib, savollariga atroflicha javob olishdi hamda taklif va tashabbuslarini erkin bildirish imkoniga ega bo‘lishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri