Prezidentlikka nomzod navoiyliklar bilan uchrashdi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatov Navoiy yuridik texnikumida saylovchilar bilan uchrashdi.
Dastlab saylovchilarga nomzodning tarjimai holi o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatov so‘zga chiqib, saylovoldi dasturida belgilangan asosiy yo‘nalishlardan o‘rin olgan 9 yo‘nalishdagi 100 ga yaqin g‘oya hamda tashabbuslari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, dasturda mamlakatimizda ijtimoiy adolat, tenglik va xalq hokimiyatchiligi mezonlariga mos keladigan demokratik ijtimoiy davlatni barpo etishga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, dasturda har bir shaxsning uy-joy, kommunal xizmatlar, zamonaviy ta’lim va malakali tibbiy yordam, madaniyat va sport, munosib ish haqi olishga bo‘lgan huquqlarini adolatli va teng ta’minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha muhim qonunlarni qabul qilish va ularni amalda ijrosini ta’minlash eng muhim masala sifatida ilgari surilgan.
Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturida kuchli ijtimoiy himoya yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida shahar yo‘lovchi transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma ob’ektlaridan erkin foydalanishi uchun zarur sharoitlarni kengaytirish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
[gallery-12524]
Saylovoldi dasturda davlat fuqarolarning ta’limga oid haq-huquqlarini amalga oshirishni o‘z zimmasiga olishi eng muhim vazifa ekanligi alohida qayd etilgan bo‘lib, aholining barcha qatlamlariga teng imkoniyatlar yaratilishi lozim.
– Bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olishni yuz foizga yetkazish, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bir yillik tayyorlov bilan bepul to‘liq qamrab olish birinchi darajadagi vazifadir, – dedi Ulug‘bek Inoyatov. – Shuningdek, o‘quvchilar uchun jamoat transportidan bepul foydalanish, bir navbatli maktablar va bitta sinfda ko‘pi bilan 25 nafar o‘quvchi bo‘lishi, ular uchun barcha qulay sharoitlarni yaratib berish kerak. Shuningdek, chet tillari va axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘quv soatlarini ko‘paytirish, maktab yerlarini noqonuniy sotib yuborishlarga chek qo‘yish, davlat granti asosida o‘qiydigan talabalar ulushini 50 foizga yetkazish, talabalarning darslarga ishtiroki va innovatsion faoliyatni inobatga olib stipendiyalar miqdorini belgilash, inklyuziv ta’limni rivojlantirish sohasida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarga imtiyozlar berilishi kerak.
Dasturda mamlakatning iqtisodiy qudrati, eng avvalo, kafolatlangan byudjetga bevosita bog‘liqligini inobatga olinib, undiriladigan barcha to‘lovlarni davlat byudjetiga yo‘naltirish tartibini joriy etish taklif etilmoqda.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Ulug‘bek Inoyatovning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib, barchani ushbu nomzodga ovoz berishga hamda 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda faol ishtirok etishga chaqirdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA.