Prezidentimiz yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni Olimpiya shaharchasida Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan maxsus ko‘rgazmada mamlakatimizning faol va izlanuvchan yoshlari bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari ularning mahalla hayoti, ekologiya, startaplar, muhandislik va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish kabi sohalardagi loyihalari bilan tanishdi, loyiha tashabbuskorlari bilan shaxsan muloqot qildi.

Farg‘ona tumanidagi Obod mahallasi yoshlar yetakchisi Islombek Muhammadjonov o‘z mahallasida tashkil etgan “Obod ta’lim” o‘quv markazi orqali 600 nafar tengdoshini zamonaviy kasblar va xorijiy tillarga o‘qitgan. U faoliyatini Germaniyaning nufuzli kompaniyalari bilan xalqaro shartnomalar asosida global bozorga olib chiqishga erishganini so‘zlab berdi. Ushbu amaliy harakat tufayli mahalla yoshlar ishsizligi va jinoyatchiligidan xoli hududga aylantirilgan.

Shuningdek, “Yashil tashabbuslar” jamg‘armasi koordinatori, “Green University” magistranti Gulira’no Mamirovaning tashabbuslari e’tiborga molik. Uning ekologik-ijtimoiy va “yashil” innovatsiyalar startaplarini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlari davlatimiz rahbarining alohida e’tiborini tortdi.

Rangtasvir tanlovida “Eng original g‘oya” nominatsiyasi g‘olibi Odinaxon Ma’murjonovaning ijodiy intilishlari, jismoniy imkoniyati cheklanganiga qaramay, uyda ta’lim olayotgan bolalar uchun “O‘qi va yuksal” loyihasini amalga oshirib kelayotgan Chinora G‘ulomovaning matonati Prezidentimiz tomonidan yuqori baholandi. Ularning jamiyatdagi inklyuziv muhitni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarini tizimli qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Ko‘rgazmaning startaplar, tadbirkorlik va kasb-hunar maydonida yoshlarimizning xalqaro miqyosda raqobatlasha oladigan intellektual salohiyati namoyish etildi.
Prezident maktabi bitiruvchisi, Chikago universiteti talabasi Asilbek Ashurov o‘n sakkiz yoshida “Makon AI” startapini ta’sis etib, sun’iy intellektga asoslangan SAT/AP testlariga tayyorgarlik platformasini yaratdi.
Bugungi kunda startapi AQSH hamda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasida 100 mingdan ortiq mijoz va investorlardan 380 ming dollar sarmoya jalb etgani, loyiha qiymati 3 million dollarga baholanganini ma’lum qildi.
Dunyoning yetakchi akseleratori sanalgan “Y Combinator” dasturining birinchi o‘zbek ishtirokchisi Sardorbek Rahmatulloyevning AQSHda yillik daromadi ko‘p ming dollarlik startapga asos solgani va “Meta Superintelligence” kompaniyasida orttirgan tajribasi ham milliy startap ekotizimimizning yutug‘i sifatida e’tirof etildi.

Prezidentimiz bu kabi yuqori texnologiyali loyihalarni mamlakatimizda keng joriy etish va yosh tadbirkorlarga xorijiy bozorlarga chiqishda ko‘maklashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Muhandislik va innovatsiya sohasidagi taqdimotlar doirasida talabalarning sun’iy intellekt hamda robototexnika yo‘nalishidagi muvaffaqiyatlari ko‘rib chiqildi.
Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabasi, dronlar poygasi bo‘yicha mamlakat chempioni Biloliddin Ismoilov mahalliy antidron tizimlarini yaratish va takomillashtirishda ishtirok etayotganini ma’lum qildi.

Nukus davlat texnika universiteti talabasi, Nukus yoshlar texnoparki rezidenti Ayzada Asanovaning “Yangi avlod avtomobillari” yo‘nalishidagi muvaffaqiyatli loyihasi esa hududlarda ham muhandislik maktablari jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi. Davlatimiz rahbari ushbu innovatsion ishlanmalarni turli tarmoqlarda joriy etish zarurligini qayd etdi.
Navqiron avlodning madaniy-ma’rifiy sohadagi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yo‘nalishidagi yutuqlari ham uchrashuvning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi.

Xalqaro go‘zallik va san’at tanlovlari sovrindori Nigina Faxriddinova hamda yosh musiqachi Amina Avazovaning yutuqlari milliy madaniyatimizning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgani aytib o‘tildi.

Shu bilan birga, aholi orasida kitobxonlikni keng yoyishga qaratilgan raqamli loyihalar namoyish etildi. “Mutolaa” loyihasi rahbari Sirojiddin Olimov yaratgan mobil ilova qariyb 5 million marta yuklab olingani va unda o‘qilayotgan kitoblar soni 18 milliondan oshganini ta’kidladi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi Nilufar Ergasheva “Yashil so‘z” kitobi muallifi, “So‘z” loyihasi ishtirokchisi.
U O‘zbekistonning adabiy xaritasini yaratish orqali adabiy turizmni rivojlantirish hamda “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida o‘zbek ijodkorlarining yirik nazm va navo kechasi, she’riy oqshomlar kabi ommaviy badiiy konsert dasturlarini tashkil etish taklifini bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan samimiy muloqotda ular tomonidan ilgari surilgan istiqbolli loyiha va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.