Prezident topshirig‘i amalda: suv keltirgan – elda aziz
Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda davlatimiz rahbari 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan beshta eng muhim vazifani alohida qayd etgan edi. Jumladan, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Aslida, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash eng katta hayotiy ehtiyojlardan biri hisoblanadi. Samarqand viloyatida ham aholining ana shu ehtiyojini qondirish maqsadida birinchi navbatda olis va chekka hududlarda yashovchi fuqarolarning ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etish maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Birgina 2022 yilda 307 milliard so‘m mablag‘ aynan ushbu yo‘nalishga ajratildi. Ushbu mablag‘ hisobidan viloyat bo‘yicha 687 kilometr ichimlik suv va oqova tarmoqlarini qurish, 80 ta suv inshootida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Bu ishlar natijasida viloyat bo‘yicha 58 mingga yaqin aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanadi, 135 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanadi va aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 65,6 foizdan 70,5 foizga, oqova suvi bilan ta’minlanish darajasi esa 15 foizdan 18 foizga yetadi.
Shuningdek, viloyat aholisidan kelib tushayotgan murojaatlarni ijobiy hal etish va tizimda yuzaga kelayotgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida 48,5 kilometr suv tarmog‘i tortilib, 48 ta ichimlik suv nososlari yangisiga almashtirildi. Buning samarasida 5 ming nafardan ortiq aholi ilk bor ichimlik suv bilan ta’minlanib, 3 ming nafardan ortiq aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi.
Nurobod tumani viloyatning eng chekka va olis hududlaridan sanaladi. Joriy yilda tumanda 11 milliard so‘mlik 5 ta ichimlik suvi inshooti qurish, 52 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortish rejalashtirilgan.

– Tumanimiz aholi maskanlari asosan dasht hududda joylashgani va tarqoqligi sababli toza ichimlik suvi asosiy muammo hisoblanadi, – deydi “Samarqand suv ta’minoti” MCHJ Nurobod tumani filiali rahbari Abror Ahmedov. – Lekin keyingi yillarda bu yo‘nalishga e’tibor oshdi. Qishloqlarimiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlanib, aholini yillarda davomida qiynab kelgan masalalar hal etilmoqda. Birgina joriy yilda 15 mingdan ortiq aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda. Bu bilan tumanimiz aholisining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi qariyb 60 foizga yetadi. Yaqinda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan zamonaviy burg‘ulash transporti xarid qildik. Hozirda ushbu texnika yordamida Omondara mahallasida suv qudug‘i qurilmoqda. Mahallada 3 kilometrlik suv tarmog‘i ham tortiladi.

Tumanda nafaqat investitsiya dasturlari va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan, saxovatpesha tadbirkorlar tomonidan ham aholining toza ichimlik suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yil boshidan buyon Anjirli, Boshquduq, Jom mahallalarida tadbirkorlar hisobidan 3 ta yangi suv inshooti qurilib, 5,5 kilometrlik tarmoqlar tortildi. Natijada ushbu mahallalarning ming nafardan ziyod aholisi ilk bor toza ichimlik suvidan bahramand bo‘ldi. Bunday savobli ishlar ayni paytda Sariko‘l mahallasida ham davom ettirilmoqda.
– Shu paytgacha qishlog‘imizdagi 70 ta xo‘jalik – 400 nafardan ortiq aholini ichimlik suvi muammosi qiynab kelardi, – deydi sariko‘llik Ibodullo Murodov. – Mana endi bir necha yillik muammomizga yechim topildi, 3,4 kilometrlik ichimlik suv tarmog‘i tortilmoqda.
Tumanning Do‘stlik mahallasida yashovchi fuqarolar ham bir necha yillik orzulari ushalganidan xursand. Aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlash yuzasidan qilgan murojaatlari e’tiborsiz qolmadi. Davlat investitsiya dasturi asosida 1 milliard 240 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilib mazkur qishloq aholisi toza ichimlik suv bilan ta’minlandi.

– Bizning Ibrohim ota qishlog‘imiz ahli uchun bu mo‘’jizadek tuyulmoqda, – deydi mehnat faxriysi Jumaboy Kenjayev. – Bizda ham artezan qazilib, xonadonlarga ichimlik suvi quvurlari tortilishini orzu qilardigu bu amalga oshadimi-yo‘qmi, deb ishonmasdik. 6-7 kilometr olisdan suv tashib kelardik. Juda og‘ir edi-da. Shukr, endi u kunlar ortda qoldi.
Joylarda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni xalqimiz hayot tarzi va sifatini yanada yaxshilash, yurtimizda inson qadri uchun tamoyili asosida kechayotgan ezgu ishlarning amaliy ifodasi, deyish mumkin.
G‘.Hasanov,O‘zA