Prezident topshirig‘i amalda: ehtiyojmand yoshlar e’tiborda
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 11 aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yosh avlod taqdiriga oid masalalar e’tibordan chetda qolmadi.
Namangan davlat universiteti rektoriga Pop tumanida istiqomat qiluvchi 51 nafar yosh biriktirilgan. Ularning muammolariga yechim izlash, qo‘llab-quvvatlash asosiy maqsad etib belgilandi.
– Alohida toifadagi yoshlarning 37 nafari tog‘li tumanning Kelachi mahallasida, 14 nafari Iftixor mahallasida yashaydi, – deydi universitet “Press-klub” rahbari Sanjarbek Hamidov. – O‘rganishlar natijasida, mazkur yoshlar shartli ravishda besh toifaga ajratilgan. Ularning yigirma to‘rt nafari nogironligi bor shaxslar bo‘lsa, o‘n to‘qqiz nafari xorijiy migratsiyadan qaytgan, uch nafari profilaktik hisobda turadi, to‘rt nafari esa probatsiya nazoratida. Bittasi ajrim xolatidagi oila. Ular bilan tizimli ishlash maqsadida universitetda ishchi guruh tuzilib, uning tarkibiga rahbar xodimlar, psixolog va IIB profilaktika inspektorlari kiritilgan.


Bugungi kunda o‘g‘il-qizlarning har biri bilan individual tarzda ish olib borilmoqda. Ularning muammolarini o‘rganish, hal etish choralarini ko‘rish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli uyushtirish maqsadida “Universitet rektori va yoshlar” uchrashuvi jadvali ishlab chiqilgan. Muloqot va o‘rganishlar natijasida aksar yoshlarning muammolari o‘z yechimini topmoqda. Jumladan, navbatdagi uchrashuv chog‘ida yetti yoshning muammolari yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Kelachi mahallasida yashovchi nogironligi bor Husanboy Kamoliddinovning axborot texnologiyalari sohasiga bo‘lgan qiziqishi va rejalarini inobatga olib, unga universitet tomonidan zamonaviy noutbuk taqdim etildi.

Biriktirilgan yoshlar bilan Pop tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida o‘tkazilgan navbatdagi “Universitet va yoshlar uchrashuvi”da ham ko‘plab masalalarga ijobiy yechim topildi. Unda kredit va tikuv mashina olish, yangi ish o‘rinlari yaratish, bolalar bog‘chasiga ishga joylashish, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, o‘qishni ko‘chirish kabi yigirmadan ortiq masala eshitildi. Har bir murojaatning ijrosi bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilandi.
Bugungi kunda ham biriktirilgan yoshlar bilan ishlash jarayoni davom etmoqda. Bu yigit-qizlarning har birini jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, sog‘lom hayot kechirishi, o‘z orzu-maqsadlariga erishishi uchun barcha kuch va imkoniyatlardan foydalanilmoqda.
Oqilxon DADABOEV, O‘zA