Prezident tashabbuslari – yoshlar kelajagi uchun mustahkam poydevor
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida belgilab berilgan ustuvor vazifalar mamlakatimizda yoshlar siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur strategik yondashuv oliy ta’lim muassasalari zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi. Zero, yurtimiz taraqqiyotini ta’minlaydigan bilimli, tashabbuskor va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash bevosita ta’lim tizimi samaradorligiga bog‘liq.
Shu nuqtai nazardan, Farg‘ona davlat universitetida ham Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, yoshlar siyosati samaradorligini yanada oshirish borasida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Davlat rahbari tomonidan mamlakatimizda 22 milliondan ziyod yoshlar ulkan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch sifatida e’tirof etildi. Ushbu yuksak ishonch ta’lim muassasalari, xususan, oliy ta’lim tizimi zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.
Bugungi kunda Farg‘ona davlat universitetida 30 yoshgacha bo‘lgan 22 ming nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Keyingi yillarda universitet yoshlarining yutuqlari izchil oshib bormoqda. Sport sohasida chempionlar soni 153 nafardan 207 nafarga yetdi, Yoshlar Para Osiyo o‘yinlarida 10 ta medal qo‘lga kiritildi.
[gallery-27856]
Innovatsion faoliyat yo‘nalishida 13 ta startap loyihasi orqali qariyb 9,8 milliard so‘m investitsiya jalb etildi. “Bo‘lajak olim” tanlovida 1 milliard so‘mdan ziyod grant mablag‘lari yutildi. Xalqaro fan olimpiadalarida 7 ta kumush va bronza medal qo‘lga kiritildi. Zamonaviy issiqxonalar hamda “Asalarichilik” va “Chorvachilik” kovorking markazlarida dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgani nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlamoqda.
O‘tgan o‘quv yili 7 845 nafar bitiruvchining 97 foizi mehnat bozoriga kirib bordi. Bu ko‘rsatkich universitetda ta’lim sifatini oshirish, talabalarni kasbiy jihatdan tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini namoyon etadi.
Endilikda universitetimizda talabalar bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi joriy etiladi. Ta’lim va tarbiya sifatini yanada oshirish, xorijiy ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, zamonaviy laboratoriyalar va kovorking markazlari faoliyatini kengaytirish ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi.
Talaba-yoshlarimiz bandligini ta’minlash maqsadida “Kelajakka qadam” dasturlari asosida kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Universitetda “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etilib, talabalarga g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha amaliy ko‘mak beriladi. “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi keng tatbiq etiladi.
Shuningdek, haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida belgilanib, ushbu kunda yoshlarning ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kasb va til o‘rganishi, tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga qaratilgan tadbirlar tashkil etiladi. Eng yaxshi tomorqachi, fermer, startapchi, ijodkor va boshqa sohalardagi yoshlar o‘rtasida tanlovlar va yarmarkalar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Xorijiy til sertifikatiga ega talabalarni qo‘llab-quvvatlash, dasturlash, sun’iy intellekt va robototexnika yo‘nalishlarida iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish ishlari yangi bosqichga olib chiqiladi. Startap va ilmiy loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi takomillashtiriladi.
Bundan tashqari, universitetimizda volontyorlik harakatini rivojlantirish, kitobxonlikni targ‘ib etish maqsadida “Rektor sovrini” va “Fakultet dekani sovrini” tanlovlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. “Kelajak fermerlari” eksperimental jamoalari tashkil etilib, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Qayd etilganidek, Farg‘ona davlat universitetida amalga oshirilayotgan mazkur tashabbuslar yoshlarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, ularni bilimli, tashabbuskor va raqobatbardosh kadrlar etib tarbiyalashga xizmat qiladi.
Farg‘ona davlat universiteti rektori,
professor Bahodirjon Shermuhammadov.
O‘zA