Prezident saylovi – kelajak tanlovi
Joriy yilning 24 oktyabr kuni mamlakatimiz hayotiga daxldor muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. bugungi kunda ushbu siyosiy tadbirni yuqori saviyada, uyushqoqlik bilan amalga oshirish ko‘p jihatdan fuqarolarning faolligiga bog‘liq.
Siyosiy jarayon tobora qizg‘in pallaga kirib borayotgan shu kunlarda NKMK Markaziy kon boshqarmasi yoshlari o‘rtasida ham keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Yaqinda “Prezident saylovi – kelajak tanlovi” mavzuida navbatdagi targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Turli bo‘linmalardan yoshlar vakillari qatnashgan tadbirda targ‘ibotchilar guruhi saylov bilan bog‘liq mavzu yuzasidan ishtirokchilarga tushuntirishlar berdi.
Shuning bilan birga muhim ahamiyatga ega saylovda kon boshqarmasidan 7066 nafar yosh yigit-qizlar, shundan 2752 nafari birinchi marta saylovda ishtirok etayotgani alohida ta’kidlandi. Targ‘ibotchilar tomonidan yosh konchi metallurglar saylov jarayonida faol qatnashishga da’vat etildi.

Tadbirda kon boshqarmasi yoshlari mamlakatimiz buguni va kelajagiga daxldor saylovda faol ishtirok etish va o‘zlari tanlagan munosib nomzodga ovoz berish uchun yetarli huquqiy bilim va tushunchalariga ega bo‘ldi. Yoshlarni qiziqtirgan savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.
Dildora KARIMOVA,
Markaziy kon boshqarmasi axborot xizmati muharriri
O‘zA