Prezident qarori amalda: quduqliliklar yerli bo‘ldi
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan 200 ming gektar ekin maydonlarini 2022-2025 yillarda bosqichma-bosqich zaxiraga qaytarish hamda bu yer maydonlarini dehqon xo‘jaligi tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish uchun fuqarolarga 10 yilga ijaraga berish belgilangan edi.
Jumladan, Samarqand viloyatida to‘rt yil davomida 15 ming 760 gektar, joriy yilda esa 6303 gektar yerni aholiga auksion orqali bo‘lib berish ko‘zda tutilgan. Albatta, bunda ham ma’lum bir tartib-taomillar mavjud. Yer olaman, degan har kimga ham yer o‘lchab berilmaydi. Belgilanganidek, yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berishda o‘z tomorqasida meva-sabzavotchilik, poliz mahsulotlarini yetishtirish va uzumchilikda yaxshi natijalarga erishgan, ushbu sohalardan birida tayanch mutaxassislikka ega bo‘lgan fuqarolarga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarga hamda 2022 yil 1 martdan keyin xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga alohida ustuvorlik beriladi.
Mazkur qaror asosida Jomboy tumanida ham 232 gektar yer maydoni auksion savdolariga qo‘yilib, 1194 nafar fuqaroga bo‘lib berilgan.
– 15 sotixdan 30 sotixgacha berilgan bu yer maydonlarida aholi tomonidan “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida pomidor, kartoshka, bulg‘or qalampiri, karam, loviya kabi o‘simliklar asosiy ekin sifatida parvarishlanmoqda, – deydi tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i G‘.Xo‘jayev. – Har bir qishloq, hudud avvaldan shug‘ullanib kelgan dehqonchilik turlari bo‘yicha ekin ekkan. Aksariyat mahallalarimiz aholisi kartoshka, pomidor, loviya yetishtirish hadisini olgani uchun ijaraga olgan yerlarida ham shu ekinlarni ekdi. Shuningdek, konturlar bo‘yicha bir mahsulot yetishtirishga e’tibor qaratildi. Muhimi, yetishtirilayotgan hosilga xaridor bor, har bir mahallada yetakchi tadbirkor, fermer tanlangan. Ular zarur bo‘lsa, aholiga mahsulotni yetishtirish jarayonida ham agrotexnik maslahat beradi, moddiy yordam ko‘rsatadi. Tumanning Quduqli mahallasida yil avvalida 26,2 gektar yer maydoni lotlarga bo‘lingan holda e-auksion platformasi orqali savdoga chiqarilgan edi. Mazkur yer maydonlari tanlov asosida 162 nafar fuqaroga kamida 10 sotixdan o‘n yillik ijaraga berildi. Xususan, “Temir daftar”ga kiritilgan 21 nafar kam ta’minlangan, ishsiz fuqaro, “Yoshlar daftari”dagi 94 nafar yigit-qiz, “Ayollar daftari”dagi 17 nafar xotin-qiz yerli bo‘ldi.
– Sakkiz yil chet mamlakatda ishlab, ro‘zg‘or tebratdim, – deydi Quduqli mahallasida yashovchi Rustam Abdiyev. – Bilasiz, musofirchilikning nonini yeyish oson emas. Bolalardan uzoqda, xavfsizlik kafolatlanmagan holatda ishlashning o‘zi bo‘lmaydi. Lekin boshqa iloj bo‘lmaganidan keyin, borib ishlashga majbur edik. Yoshim ulg‘aygani sari bu qiyinchiliklardan yurak bezillab qoldi. Shuning uchun 2015 yildan boshlab, mahallamizdagi fermerlar bilan kelishib, ulardan yer olib, dehqonchilik bilan shug‘ullandim. Ishlagan odam rizqini topadi, mehnat qilib kam bo‘lmadim. O‘tgan yil 50 sotix yerda pomidor yetishtirib, 40 million so‘mdan ortiq daromad qildik. Tomorqadan ham qariyb shuncha pul topdik. Bu yil ishsiz, yordamga muhtoj aholiga ijaraga yer berilishini eshitib, to‘rt o‘g‘lim, ikki kelinimning hujjatlarini topshirib, auksionda qatnashdik. Har biriga 20 sotixdan, jami 1,2 gektar yer ajratib berildi. Ko‘pchilik loviya ekdi. Biz esa to‘liq pomidor ekdik. Hisoblab ko‘rsam, loviyadan bir yilda ikki marta hosil olinganda ham pomidorchalik daromadli emas. Hozir har kuni oilamiz bilan shu yerdamiz. Ekinga ishlov beramiz, begona o‘tlardan tozalaymiz. Sug‘orish uchun artezian ham qazib oldik, juda chuqur emas, 7-8 metrdan suv chiqdi. Nasib etsa, 100 tonnadan ortiq hosil olamiz. Kontur chetiga 200 tup olma ko‘chati keltirib ekdim, yana ro‘zg‘or uchun boshqa ekinlar ham bor. O‘n yilga ijaraga bo‘lsa ham o‘z yerimiz bo‘lgani yaxshi-da. Eng muhimi, o‘zim, bolalarim oilamiz bag‘ridamiz, ishimiz, daromad manbamiz bor.
Hududdagi “Jomboy” muqobil mashina traktor parki rahbari Akram Safarovning ta’kidlashicha, zaxiraga olingan hamda 148 fermer xo‘jaliklari tomonidan ajratilgan yer maydonlari hozirda to‘liq aholiga bo‘lib berilgan.
– Aksariyat fuqarolar yilning birinchi hosilini yig‘ishtirib olish arafasida turibdi, – deydi Akram Safarov. – Yaqin kunlarda kartoshka, loviya, karam yig‘ishtirib olinadi. Keyin ikkinchi ekin ekish boshlandi. Ko‘pchilik kartoshka ekishni mo‘ljallab turibdi, yaxshi daromad olish mumkin. Yana ko‘plab fuqarolarimiz fermerlar yer bersa g‘alladan bo‘shagan maydonlarda ham ekin ekish niyatida. Hozirdan murojaat qilishyapti. Ularga albatta, yer beriladi. Ishlayman, mehnat qilaman, degan odamni qo‘llab-quvvatlashga, yordam berishga tayyormiz. Tumandagi aholining shaxsiy tomorqa maydonlarida ham bugun ko‘plab dehqon xo‘jaliklari tashkil etilgan. Hozirda 40 ming 380 dan ortiq shunday xo‘jaliklar hisobida 3432 gektar yer maydoni mavjud. Bu tomorqalarda asosiy ekin turlari, jumladan, 1500 gektar yerda sabzavot, 140 gektarda poliz, 1368 gektarda kartoshka, 185 gektar dukkakli ekinlar ekilgan.
[gallery-7283]
G‘olib Hasanov,
A.Isroilov (surat), O‘zA