"Prezident olimpiadasi" yangi O‘zbekistonning yangi chempionlarini kashf etadi
Bugun, 26-oktabrdan “Prezident olimpiadasi” musobaqalarining respublika final bosqich musobaqalarida qatnashadigan hududiy sport jamoalarining Toshkentga kelishi boshlandi.
Joriy yilning 27-oktabr - 8-noyabr kunlari poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sport majmuasi va maydonlarida “Prezident olimpiadasi” musobaqalarining Respublika final bosqichi bahslari bo‘lib o‘tadi.
Bu yilgi “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalari 13-14 yoshli sportchilar o‘rtasida 21 ta olimpiya va 10-18 yoshli para sportchilar ishtirokida 5 ta paralimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Bugun, 26-oktabr erta tongda “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalarida ishtirok etadigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyati sport delegatsiyalari Toshkent temir yo‘l vokzalida tantanali kutib olindi.
Shuningdek, bugun kun davomida Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Samarqand viloyat jamoalari yetib kelishi kutilmoqda.

Ayni kunlarda hududlardan kelayotgan sport delegatsiyalarini kutib olish, joylashtirish, mashg‘ulotlarga yo‘naltirish borasida Sport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida “Olimpiya shaharchasi”, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Dasturga muvofiq, ertaga 27-oktabr kuni “Prezident olimpiadasi” musobaqalarining tantanali ochilish marosimi tashkil etiladi.
Shuningdek, “Olimpiya shaharchasi” sport maydonida chim ustida xokkey bahslari boshlansa, O‘zbekiston davlat jismoiy tarbiya va sport universitetida qilichbozlik va yengil atletika, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida og‘ir atletika musobaqalari boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbek sportining istiqbolli olimpiyachilar avlodini shakllantirishga qaratilgan “Prezident olimpiadasi” musobaqalari 8-noyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA