Prezident «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonunga imzo chekdi
2024 yil 7 avgustda «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi.
Ushbu qonun «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan asosiy islohotlarni davom ettirish maqsadida Turkiya, Gruziya, AQSH va Yevropa Ittifoqi davlatlari kabi rivojlangan davlatlar tajribasini inobatga olgan holda, xalqaro moliya institutlari, xususan, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va USAID tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, mamlakatimizning elektr energetika sohasini isloh qilish yo‘lidagi muhim qadamdir.
10 ta bob va 68 ta moddadan iborat mazkur qonunda mamlakatimizning energetika xavfsizligini mustahkamlash, iste’molchilarning narxlar, ishonchli va sifatli elektr ta’minoti bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish, samarali, shaffof va raqobatli elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va tartibga solish, xususiy sarmoyalarni jalb qilish bo‘yicha umumiy qoidalar belgilandi.
Qonun O‘zbekiston Respublikasida sanoatni rivojlantirish, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va aholi farovonligini yuksaltirish, eng muhimi, ishonchli, xavfsiz hamda barqaror elektr ta’minoti tizimini yaratishga xizmat qiladi. Qonunning yana bir muhim qoidalaridan biri, elektr energetika sektoridagi monopoliyaning bekor qilinishidir. Bu vaqtgacha elektr energetika bozori monopol bo‘lib, bu yangi ishtirokchilar va innovatsiyalar imkoniyatlarini cheklab qo‘ygan edi.
Monopoliya bekor qilinishi bilan yangi o‘yinchilar uchun imkoniyat ochiladi. Bu esa raqobatni rivojlantirish va xizmat sifatini yaxshilashga yordam beradi. Qonunda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, saqlash, iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlash, markaziy xarid qiluvchi funksiyalarini bajarish, elektr energiyasi savdosi Energetika bozori regulyatori tomonidan berilgan litsenziya asosida amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu faoliyat turlarini amalga oshirish sifati doimiy nazorat qilinishiga asos bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligiga ko‘ra, qonunda elektr energiyasi bozorining har bir ishtirokchilarining maqomi, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi hamda ular o‘rtasida adolatli va ochiq raqobatni ta’minlaydigan mexanizmlar aniq belgilangan. Bu infratuzilma va bozor ma’lumotlariga teng kirish sharoitlarini, shuningdek, shartnomalar tuzish va narxlarni tartibga solishning shaffof protseduralarini o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, ushbu hujjatga asosan bozor va uning ishtirokchilari faoliyati, narxlash mexanizmlari, tariflarni qo‘llash va elektr energiyasi bozoridagi o‘zgarishlar dinamikasini o‘z ichiga olgan yillik hisobot Energetika bozori regulyatori tomonidan e’lon qilib boriladi.
Qonunda ijtimoiy himoyaga muhtoj iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlashga oid normalar kiritilgan. Ushbu iste’molchilar uchun qulay to‘lov shartlarini joriy qilish, oldindan to‘lov hisoblagichlarini o‘rnatish, ta’minotni vaqtincha to‘xtatib turishdan ozod qilish va boshqa ko‘rsatiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy yoki moddiy yordam ko‘rsatish kabi choralar belgilanishini nazarda tutadi.
Yangi qonun tariflarni shakllantirish uchun qat’iy qoidalarni joriy qiladi. Bu haqiqiy ishlab chiqarish va uzatish xarajatlarining hisobga olinishi, shuningdek, yetkazib beruvchilar uchun adolatli foyda olishni ta’minlaydi. Qonun, shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan muhim qoidalarni o‘z ichiga oladi. Asossiz tariflar va sifatsiz xizmatlardan shikoyat qilish, shikoyatlarni ko‘rib chiqish, iste’molchilar va yetkazib beruvchilar o‘rtasidagi nizolarni tartibga solish mexanizmlari kiritilgan.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA