Poytaxtimizda «Yashil shahar» loyihasiga start berildi
Yurtimizda yashil maskanlarni ko‘paytirish, ko‘chat ekish va ekologiyani yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, atrof-muhit musaffoligi va inson salomatligida yashillikning o‘rni beqiyos.
Poytaxtimizning Mirobod tumanidagi «Ziyonur» MFY hududida «Yashil shahar» loyihasi doirasida umummilliy ko‘chat ekish aksiyasiga start berildi.

Mazkur aksiyada tuman hokimi boshchiligida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Xalq deputatlari Toshkent shahar va Mirobod tumani Kengashiga saylangan deputatlar, tumandagi barcha mahalla yettiligi, korxona, tashkilotlarlar hamda faol fuqarolar ishtirok etdi. Hududga mingga yaqin daraxt ko‘chatlari ekildi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, olimlar kuzda ko‘chat o‘tqazish bahordagidan ko‘ra qulayroq, samaraliroq ekanini aytishadi. Chunki, bu davr uzoqroq davom etadi. Kuzda o‘tqazilgan ko‘chatlarning ildizida qish davomida kallyuslar paydo bo‘ladi. Ular bahorda yaxshi tutib, tezroq o‘sa boshlaydi.

Shuningdek, mutaxassislar qish iliq kelib, harorat 0ºC dan yuqori bo‘lgan, yer muzlamagan bo‘lsa, qishda ham ko‘chat o‘tqazish mumkinligini tavsiya qilishadi.
M.Komilova,
O‘zA