Poytaxtimizda voleybol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bahslari qizg‘in pallaga kirdi
Toshkent shahrida voleybol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqalari qizg‘in davom etmoqda. Mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan erkaklar va ayollar jamoalari kubokning bosh sovrini uchun bahs olib bormoqda.
Erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlar «Olimpiya shaharchasi»da, ayollar jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlar esa poytaxtimizdagi voleybolga ixtisoslashgan 1-sport maktabi zallarida o‘tkazilmoqda.
Erkaklar musobaqasida 19 ta jamoa to‘rt guruhga bo‘lingan holda ishtirok etdi. Guruh bosqichi va saralash uchrashuvlaridan so‘ng keyingi bosqichga yo‘l olgan jamoalar aniqlandi. Bugun erkaklar o‘rtasida chorak final uchrashuvlari bo‘lib o‘tib, yarim final yo‘llanmalari uchun kurash davom etadi.
Ayollar o‘rtasidagi musobaqada esa 10 ta jamoa g‘oliblik uchun kurashni boshlagan bo‘lib, bugun yarim final bosqichida to‘rtta jamoa ishtirok etmoqda. Hal qiluvchi uchrashuvlarda jamoalar finalga yo‘llanma olish va kubok uchun kurashni davom ettirish maqsadida maydonga tushadi.
[gallery-31897]
Musobaqalarda voleybolchilarning texnik mahorati, jamoaviy hamkorligi va g‘alabaga bo‘lgan intilishi namoyon bo‘lmoqda. Har bir uchrashuvdagi keskin kurash va natija uchun intilish bellashuvlarga o‘zgacha shiddat bag‘ishlamoqda.
O‘zbekiston kubogining g‘olib va sovrindorlari 14-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan yakuniy uchrashuvlar natijasida aniqlanadi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA