Poytaxtda kuzgi yarmarkalar: Mahsulotlar 30 foiz arzon narxda
Mo‘l hosil va davlat ko‘magi tufayli bu yilgi kuz ne’matlari poytaxt bozorlariga arzon narxlarda yetib kelmoqda. Dehqonlarimizning mahsulotlari "Daladan dasturxonga" tamoyili asosida qanday yetkazilmoqda? Buni Yunusobod dehqon bozori misolida tahlil qilib ko‘ramiz.
Bu yilgi dehqonchilik mavsumi bobodehqonlarimizga yaxshi keldi. Ob-havo o‘z saxovatini ayamadi. Tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilgan dalalarning suvi iqtisod qilinishi natijasida meva-sabzavot, poliz ekinlari uchun ham yetarlicha obihayot bordi. Dehqonlarimizga davlat tomonidan berilayotgan qator imtiyozlar, yer-suv islohotlari o‘z natijasini berib, bugun bozorlarimiz ham to‘kis bo‘la boshladi.
Saxovatli zaminimiz tortiq qilgan kuz ne’matlaridan xalqimizni bahramand qilish, bozorlarimizda narxlar mo‘’tadilligini ta’minlash maqsadida fermerlarimiz o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarini “Daladan dasturxonga” tamoyili asosida arzon narxlarda poytaxt savdo rastalariga olib kelmoqda.

Toshkent shahrining 12 ta asosiy dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining savdosi uchun barcha sharoitlar yaratildi. Bepul rastalar, saqlash omborxonalari ajratildi. Yarmarkalarga mahsulot kelishi va sotilishini muvofiqlashtirish Toshkent shahar hokimligi qoshidagi “Bozorlarni muvofiqlashtirish” departamenti mas’ul xodimlari zimmasiga yuklatildi. Aholiga arzonlashtirilgan narxlarda mahsulotlarning chakana savdosi (ulgurji narxlarda) amalga oshirilmoqda.
- Samarqand viloyati fermerlari va dehqonlari Toshkent shahrining Yunusobod tumani dehqon bozoriga biriktirilgan, - deydi O‘zbekiston Fermerlar kengashi bosh mutaxassisi Elmurod Mamarahimov. - O‘zimizda yetishtirilgan kartoshkalar 5 ming so‘mdan sotilyapti. Piyoz 2 500 so‘m, qizil va sariq sabzi 5000 so‘mdan sotilyapti. Hamma mahsulot turidan bor bizda.
30-sentabr kuni uchun jami 55 tonna mahsulot zaxirasi yaratilib, shundan 34,7 tonna sabzavot, kartoshka va poliz, 3,7 tonna guruch, 9,3 tonna go‘sht mahsulotlari shaharliklar va poytaxt mehmonlariga arzon narxlarda sotilmoqda. O‘zbekiston Fermerlar kengashi tashabbusi bilan mazkur qishloq xo‘jaligi savdo yarmarkalarida mahsulotlarning narxi tadbirkorlar rastasidagi narxdan o‘rtacha 20-30 foizgacha arzon sotilishi tashkil etildi.
Barcha poytaxt bozorlarida 22-sentabrdan boshlangan arzonlashtirgan savdo yarmarkalariga shu kungacha jami 432 tonna mahsulot olib kelib, sotildi.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA