“Poykent bilimdonlari”
Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi deputati Komiljon Ro‘ziyev tashabbusi bilan Qorako‘l tumanida 14 ta ta’lim muassasasi o‘quvchi-yoshlari ishtirokida “Poykent bilimdonlari” kitobxonlik tanlovi o‘tkazildi.
5-umumta’lim maktabida ikki bosqichda tashkil etilgan bahsda ishtirokchilar dastlab test sinovlari orqali o‘z bilimlarini namoyon etdi. Keyingi bosqichda esa tanlov hay’ati tomonidan berilgan og‘zaki savollarga tezkor va aniq javoblar qaytarilib, yosh kitobxonlarning tayyorgarligi va bilim saviyasi yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Tanlov Nizomiga muvofiq, ishtirokchilar tavsiya etilgan badiiy adabiyotlarni chuqur o‘qib-o‘rganganliklarini amaliy jihatdan isbotlay oldilar. Asarlardagi ijobiy va salbiy qahramonlar xususidagi fikr-mulohazalar, tahlil va xulosalar yoshlarning adabiyotga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatdi.

Tadbir doirasida o‘quvchilar tomonidan o‘qilgan asarlar asosida sahna ko‘rinishlari namoyish etildi, taniqli shoirlar ijodidan she’rlar ifodali tarzda o‘qildi. Shuningdek, shaxmat sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqa ham yoshlarning intellektual salohiyatini yanada charxlashga xizmat qildi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan tanlov yakuniga ko‘ra, birinchi o‘ringa Nigora Baxtiyorova, Farangiz Qodirova hamda Ruxshona Abdullayevalar munosib deb topildi. Ikkinchi o‘rin Afruza Amirqulova, Rayhona Arasheva va Shabnam Shahriqulovalarga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘ringa Dilso‘z Bo‘stonova, Baxtigul Qobilova hamda Zarnigor Rustamova sazovor bo‘ldi.
Tanlovning mutloq g‘olibi sifatida yosh kitobxon Diyorbek Tursunov e’tirof etildi. G‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, faol ishtirokchilarga tashkilotchilarning tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri