Portugaliyada Kasaba uyushmalari soha xodimlarini ish tashlashga chaqirdi
Portugaliya 3-iyun kuni so‘nggi yillardagi eng yirik umummilliy ish tashlashlardan biriga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Kasaba uyushmalari hukumat taklif etgan mehnat qonunchiligi islohotlariga qarshi chiqib, transport, ta’lim, tibbiyot, davlat xizmati va sanoat kabi muhim sohalar xodimlarini ish tashlashga chaqirdi.
Norozilik aksiyasiga mamlakatning eng yirik kasaba uyushmasi — CGTP boshchilik qilmoqda. Uning vakillari hukumat taklif qilayotgan “Trabalho XXI” mehnat paketi ishchilar huquqlarini cheklashini va Konstitutsiya tamoyillariga zid ekanini ta’kidlamoqda. Rasmiy Lissabon esa mazkur o‘zgarishlar mehnat bozorini zamonaviylashtirish, ish haqini oshirish va iqtisodiyot raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qilishini bildirmoqda.
Ish tashlash eng avvalo transport tizimiga ta’sir qiladi. Lissabon va Portu metropoliteni harakati keskin qisqaradi, temiryo‘l qatnovlarida jiddiy uzilishlar kuzatilishi kutilmoqda. Aviaparvozlar ham qisqartirilmoqda. TAP aviakompaniyasi 3-iyun kuni rejalashtirilgan reyslarning katta qismi bekor qilinishini ma’lum qildi.
Sog‘liqni saqlash tizimi ham bosim ostida qoladi. Shifokorlar va hamshiralar kasaba uyushmalari ish tashlashga qo‘shilishini e’lon qildi. Shunga qaramay, shoshilinch tibbiy yordam, dializ, kimyoterapiya va boshqa hayotiy muhim xizmatlar minimal tartibda saqlab qolinadi.
Ta’lim sohasida ham dars jarayonlari izdan chiqishi mumkin. Maktablar, kollejlar, universitetlar va ilmiy muassasalar xodimlari aksiyada ishtirok etishini ma’lum qilgan. Bu esa mashg‘ulotlar bekor qilinishi va imtihonlar ko‘chirilishiga olib kelishi mumkin.
Ish tashlashga sanoat, savdo, sug‘urta, mehmonxona biznesi va hatto ommaviy axborot vositalari xodimlari ham qo‘shilmoqda. Kuzatuvchilar fikricha, bu so‘nggi o‘n yillikdagi Portugaliya mehnat bozoridagi eng keng qamrovli norozilik aksiyalaridan biri bo‘lishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA