Portlovchi dron Germaniyani sergak torttirdi
Germaniya mamlakat politsiyasining dronga qarshi maxsus bo‘linmasini kuchaytiradi. Bunga Leypsig-Galle aeroporti yaqinida portlovchi modda ortilgan dron aniqlangani sabab bo‘ldi. Federal politsiyadagi xodimlar soni 150 nafardan 300 kishiga yetkaziladi. Tezkor bazalar soni 4 tadan 8 taga ko‘paytiriladi. Ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt voqeani “gibrid hujum ssenariysi” deb atadi. Hodisa ortida xorijiy kuch turgan bo‘lishi mumkinligi ham istisno qilinmagan.
Dron Ukrainaga yuk tashuvchi “Antonov” samolyoti yaqinida topilgan. Qurilma bir necha soat oldin samolyot qanotiga urilib ketgani taxmin qilinyapti. Aeroport xodimi ob’ektni yarim tunda aniqlagan. Uchoqdagi portlovchi modda nima sababdan ishlamagani hozircha ma’lum emas. Leypsig-Galle aeroporti Germaniya va NATO uchun muhim yuk tashish markazi hisoblanadi. Ukrainaga xizmat ko‘rsatuvchi “Antonov” aviakompaniyasi ham shu aeroportdan foydalanadi.
Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlarida ham aeroport, harbiy baza, sanoat korxonasi kabi muhim ob’ektlar ustida bir necha bor dronlar ko‘zga tashlangani aytilyapti. GFR rasmiylari ayrim hodisalar ortida Rossiya turishi mumkin, deb hisoblayapti. Ular ayni holatlarni sabotaj, josuslik va dezinformatsiya bilan bog‘lamoqda. Moskva esa ayblovni inkor etgan. RF elchixonasi Leypsigdagi hodisani “shoshilib o‘ylangan ig‘vo” deb atadi.
Tergovchilar drondan DNK izi olgan. “Die Zeit” va “Bild" nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, namuna Litvada avval ro‘yxatga olingan DNK ma’lumoti bilan mos kelgan. Bu ma’lumot hodisaga qanday aloqasi borligi hozircha ochiqlanmagan. GFR drondan himoyalanish texnologiyasini ham kuchaytirmoqda. Dobrindt kelasi hafta Germaniya Aero-fazoviy markazi huzurida yangi tadqiqot markazi ochilishini ma’lum qildi.
Musulmon Ziyo, O‘zA