“Porox hidi bilan ulg‘aydim”
Esse
Yig‘ma karavotda, tepaga qarab, qimir etmay yotibman. Bemajol. Oyog‘im uchiga adyol tashlangan. Shiftdan osilib turgan chiroq ko‘zimga tushib, qattiq azoblayapti. Ignadek sanchiladi. Qoshlarimni chimirib, yuzimni tirishtiraman. Jilovini yo‘qotgan o‘ylarim allaqayerlarda kezmoqda. Miyamni turli fikrlar parmalaydi. Daf’atan eshik taqilladi. O‘ng qo‘limga tayanib, joyimdan og‘rinib turdim. Ovoz kelgan tomonga chayqalib borar ekanman, oyoqlarimda umuman mador yo‘qligini his qildim. Titrayapti...
Eshikni ochdim.
– Tayyor bo‘lsangiz ketamiz, – dedi kechadan buyon menga hamrohlik qilib kelayotgan kichik serjant. – Musobaqa boshlanishiga oz qoldi.

U baland bo‘yli, baquvvat, yelkalari bo‘yniga qo‘shilib ketgan. Rangi qizil. Burundor. Ko‘zlari biroz qisiq. Pastki labi esa yuqoridagiga nisbatan qalinroq edi.
Mashinada Markaziy harbiy okrugga qarashli “Forish” tog‘ dala-o‘quv maydoniga yetib borganimizda quyosh boshimiz ustiga kelgandi. Havo salqin. Mayin shabada esyapti.
Allaqachon musobaqa boshlangan ekan.
Maydonda ekipaj a’zolari shiddatli bahs olib boryapti. Tanklar shaxt bilan olg‘a yuradi. Ularning motorlaridan chiqayotgan g‘uvullagan tovush quloqlarni qomatga keltiradi. Tishli g‘ildiraklardan otilib ketayotgan tuproqlar chor tomonga sachraydi. Havoda chang tirmashib chiqib, tepaga qarab ko‘tarilaveradi. So‘ng borliqqa singib ketadi. Mana endi hech vaqo ko‘rinmay qoldi.
– Hozir otadi, – deydi tomoshabinlar orasida o‘tirgan harbiy xizmatchi jarangdor ovozda. U ikki qo‘li bilan boshini mahkam ushlab olgan. Ko‘zlari to‘g‘riga qadalgan. Chuqur-chuqur nafas oldi.
Aylanani bosib o‘tgan tankchilar belgilangan nuqtaga kelib to‘xtab, to‘g‘ridagi nishonni mo‘ljalga oldi. O‘t och buyrug‘idan so‘ng “bum”, degan ovoz yangraydi. Shunda qo‘rquv vujudni qamrab oladi. Snaryad o‘zidan olovli iz qoldirib, nishonni titib, kulini ko‘kka sovurdi.
– Tegdi!, – deydi boyadan beri qattiq hayajonda turgan podpolkovnik baland ovozda. Keyin yonidagi hamrohini bag‘riga bosib, yelkasiga mamnun urib qo‘ydi. Qarsaklar chalindi.
O‘sha ekipaj e’tiborimni tortadi. U barcha to‘siqlarni tez bosib o‘tdi. Nishonlarni ham bexato urdi. Tank yo‘lda uchragan toshlarni ayovsiz ezg‘ilab, to‘fondek bostirib kelardi. O‘zidan ildamlab ketgan chang qarini yorib o‘tib, marraga ham birinchilardan bo‘lib kirib keldi...
Yonimdagi kichik serjantga qarayman. Gavdasini g‘oz qilib olgan. Yuzimga tepgan hayratimni anglab, tilga kirdi:
– Ekipajga Hoshimov komandirlik qilyapti, – dedi u jiddiy turib. – Mahoratli tankchi. Kelajagi bor.
Shunday qilib, 2019 yilda Mudofaa vazirligida birinchi marta o‘tkazilgan “Tank biatloni” musobaqasida Hoshimov birinchi o‘rin qo‘lga kiritib, tilga tushdi.
Bahslardan so‘ng Muhriddin bilan tanishdim. O‘rta bo‘yli, ozg‘indan kelgan yigit. Bug‘doyrang. Ko‘zlar chaqnab turadi. Kamtar. Ammo qat’iyatli...
Bu tanishuvga ham ancha bo‘ldi. So‘ng u ko‘plab musobaqalarda zafar quchdi. Xalqaro armiya o‘yinlarining eng shiddatli va tomoshabinlarga zavq bergan “Tank biatloni”da O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qildi. Dunyoning ilg‘or armiyalarining tankchilari o‘zaro kurash olib borgan maydonda mahoratini ko‘rsatdi. Qaytmadi. Qo‘rqmadi va g‘alabalar keltirdi.
Muhriddin muddatidan oldin harbiy unvonlar, davlat mukofotlarini oldi. So‘ng Mahfuzani uchratdiyu uning ishqida yondi. Muhabbat chashmasidan simirdi. Tunlarni bedor, darmonsiz o‘tkazdi. Suygani bilan oila qurgach, barcha azoblar tumandek tarqaldi. Keyin ketma-ket ikki o‘g‘illi bo‘ldi. Shunda u baxtdan ikki karra uchib yurdi, sarmast bo‘ldi. Vatan ichra Vatan qurdi. Hozir harbiy qismda komandir. Ham yetakchi, ham himoyachi sifatida gardaniga yanada mas’uliyat yukini oldi. Cho‘chimadi. Qaytanga, talabchanligi yanada oshdi.
Hoshimov bilan tag‘in “Forish”dagi poligonda ko‘rishdik. Shu kuni ikkimiz hayot haqida ko‘p gurunglashdik.
– Hammasi yoshlikda olingan tarbiyaga bog‘liq, – dedi podpolkovnik Muhiddin Hoshimov. – Buni o‘zim misolimda ham bemalol ayta olaman. Bolaligimda ota-onam yo‘nalishni to‘g‘ri ko‘rsatib, ertangi kunga ishontirgan. Shundanmi, yutqazishni istamayman. G‘alaba qozonish uchun tinmay harakat qilaman. Chunki olma pish, og‘zimga tush, deb kutish bilan muvaffaqiyat qozonib bo‘lmaydi.
Biz o‘rik daraxti ostida yonma-yon o‘tirardik. Turgan joyimizdan esa maxsus to‘siqlar yo‘lagidan o‘tayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar bemalol ko‘rinib turardi. Yigitlar to‘liq jangovar ko‘rinishda. Navbatma-navbat vazifalarni bajaryapti.
Daf’atan Muhriddin sakrab turdi-da, nariroqdagi ariqdan oqib turgan suvga borib, qo‘lini tez yuvdi. So‘ng og‘ir qadam tashlab, boya o‘tirgan joyiga ohista cho‘kdi. Qo‘llarini keng qo‘yib kerishdi.
– Ayniqsa, hozirgi davrda bu o‘ta muhim masala, – dedim men uning farzand tarbiyasi borasidagi so‘zlariga javoban. – Chunki bugun odamni chalg‘ituvchi omillar juda ko‘p. Har qadamda tuzoq bor. Sergak bo‘lish kerak.
Hoshimov indamadi. U chap oyog‘ini uzatib, o‘ngini ikki qo‘li bilan mahkam quchoqlab oldi. Iyaklarini ko‘tarib, to‘g‘riga tikilib o‘tiribdi. Faqat ko‘zlarini biroz qisib olgan. Qimir etmaydi. Muhriddin termilgan tomonga qarayman. Uzoqdan tank chang-to‘zon ko‘tarib, dovon tomon shaxt bilan boryapti. Ko‘p yurmay to‘xtadi. So‘ng snaryad otildi. Shunda ko‘kimtir tutun chiqdi.
– Yetmish ikkidan otishdi, – dedi u past ovozda. Hamon boyagiday o‘tiribdi. – Ekipaj biroz shoshdi-da, esizgina. Bunday vaqtda xotirjam bo‘lish kerak. Shoshish yaxshi emas.
U go‘yo o‘ziga-o‘zi gapirayotgandi. Yuzida norozilik alomati qoplagandi.
– Shu yerdan turib qaysi tankdan snaryad otilganini bildingiz-ye, qoyil, – dedim hayratlanib. Chunki biz turgan joydan tankni bor salobatini sira ham ko‘rib bo‘lmasdi.
U menga og‘ir qaradi-da:
– Bilmaslik uyat axir, – dedi u. Keyin yana gapida davom etdi. – Tepkini bossangu nishon yakson etilmay qolsa, unda o‘zing zarbani qabul qilishga mahkumsan, ya’ni nishonga aylanasan. Shuning uchun ham tankchilar har bir snaryadni otar ekan, boshqa bunday imkoniyat bo‘lmaydi, deb qarashi kerak. Bu bizning oltin qoidamiz.
– Vahimasi olamni buzadi-da, shu tanklarni, – dedim snaryad ovozidan bir seskanib tushganimni eslab. Keyin chap tomonimdan cho‘p olib, etigimga ilingan barglarni urib tushirgancha Hoshimovga ko‘z qirimni tashladim. Negadir uning yuzi jiddiy tortgandi. Qo‘llari musht bo‘lib tugilgan. Chap oyog‘ining uchini asabiy qimirlatyapti. Boshini biroz egib, qalin qoshlarini chimirib, qovog‘ini o‘yib olgan. Peshonasida paydo bo‘lgan chiziqlarni bemalol ko‘rish mumkin edi. Rangi ham qizargan. Uning shu turishini o‘ljasini tilka-pora qilishga shay bo‘lib turgan och bo‘riga o‘xshatish mumkin edi. Alamzada. Butun vujudini qahr-g‘azab egallagan.
– Oshiq dardini, oshiq bo‘lmagan hech qachon tushunmagan va tushunmaydi ham, – dedi u jangovar ovozda. Hamon to‘g‘riga qarab o‘tiribdi. Keyin lablarini tishladi. O‘ng qo‘li bilan chekkasini og‘rinib qashidi-da, gapirishda davom etdi. – Sizni qalbingizga qo‘rquv solgan o‘sha tanklar meni borlig‘im, hayotim. – U hamon raqibiga zarba berishga tayyor jangchiga o‘xshardi. – Armiyaga kelganimdan to shu kunga qadar porox hidi bilan ulg‘aydim.
Hoshimovning so‘zlari dona-dona chiqardi. Biz bir onda ming yillik dushmanga aylangandik.
– Harbiylik taqdirim, tankchi bo‘lish esa ana shu taqdirni hukmi. Chavandoz uloqqa kirguncha o‘z tulporiga ishongandek tank boshqaruviga o‘tirsam, o‘zimni shunday his qilaman. Qalblarni qo‘rqitish va unga vahima solish, aslida mening ishim. Bu oliy vazifam ham. Shu yo‘l bilan Vatanim tinchligiga qalqon bo‘laman. Yovning bag‘rini tilkalayman.
Ikkimiz ham jimmiz. O‘rtaga og‘ir sukunat tushgan. Endi ketgim kelyapti. Ro‘paramizdan uch nafar harbiy xizmatchi o‘tib ketdi. Ularning bittasi tanish – “O‘z kasbining ustasi” ko‘rik-tanlovida Hoshimov bilan birga ishtirok etganinida ko‘rganman. O‘rta bo‘yli, iyagi bo‘rtib chiqqan. Qorasoch. Yigit biz tomonga qarab qo‘l silkib qo‘ydi. Ikkimiz ham baravariga boshimizni qimirlatib, so‘rashdik.
Quyosh g‘arbga oqdi. Shimol shamoli yonboshimizdagi o‘rik va tut daraxtlari uchini ohista o‘ynadi. Shohlar mayin silkindi. Shunda qovjiragan barglar og‘rinib yerni yuziga avvalroq tushgan barglarga qorishib ketadi.
– Yashashdan maqsad nima o‘zi?, – dedi Muhriddin. Kutilmaganda uning bergan savolidan shoshib qoldim. O‘ylayman. Ammo miyamga jo‘yali fikr kelmaydi. Shuurim tamoman muzladi. Boshimga daf’atan og‘riq kirdi. Haqiqatan ham, yashashdan maqsad nima? Nahotki, hozirgacha mana shu savol meni o‘ylantirmagan bo‘lsa? Labimni tishlab, alamimni ichimga yutdim.
– Aslida, bu dunyoda har kimning bajarishi kerak bo‘lgan o‘z missiyasi bo‘ladi, – dedim. Biroq ovozim juda past chiqdi. Tomog‘imni qirib, yo‘taldim.
– Lekin buni hamma ham vaqtida anglamaydi. Qanday kelgan bo‘lsa, shunday o‘tib ketadi. Vatan, demaydi. Yuksalish demaydi. Nega? Chunki oilada ana shunday tarbiya berilmagan. Men chel elda o‘tkazilgan ko‘plab musobaqalarda ishtirok etdim. Ammo har safar shu tuprog‘im hidini qumsadim. Bu ifor hech qayerda yo‘q. Aslo topolmaysiz.
U oila, taraqqiyot, mehr-oqibat, sevgi kabi mavzulardan so‘ng jahonda yuz berayotgan qurolli to‘qnashuvlar haqida gapira boshladi.
– Dunyodagi urushlar qachon bitadi?, – dedi Muhriddin. Keyin o‘zining savoliga o‘zi javob berdi. – Qachonki, odamzod qalbidagi muhabbat qayta jonlansa. Atrofga yaxshilik urug‘i sepilsa...
– Shunday, – dedim men. Hamon o‘zimni yaralangan qushdek his qilardim.
Muhriddin endi biroz tin tortgandi. O‘zini tutishi ham avvalgiday, xotirjam.
Ikkimiz baravariga o‘rnimizdan turdik. Chamasi o‘n daqiqa yonma-yon, jim yurib ketdik. Keyin Hoshimovga kimdir sim qoqdi. U qo‘l telefonini shoshmay ko‘tardi. So‘ng uzoq gaplashdi. Har zamonda qo‘llarini silkib-silkib qo‘yardi. Undan ko‘zimni uzmay o‘tirdim.
– Yaxshi, boraman, – dedi u suhbatga chek qo‘yib. So‘ng oldimga shaxt bilan keldi.
– Endi bizga ruxsat, – dedi podpolkovnik. Keyin – Armiyada ekanmiz, hali siz bilan ko‘p uchrashamiz. Gurunglashamiz.
– Albatta, gurunglashamiz, – dedim uning so‘zlarini tasdiqlab.
Keyin u poligon tomonga ketdi. Qisqa-qisqa, ammo tez qadam tashladi. Men ortimga o‘girilib, yotoq tomonga yurdim. Yana tank stvolidan snaryad uzildi. Biroq bu safar sira ham seskanmadim. Qo‘rqmadim. Ovoz kelgan tomonga ham o‘girilib, qaramadim. Bilardimki, Hoshimovning shaxsiy tarkibi mashg‘ulotlarni olib borayotgan edi. Ko‘nglim ana shuning uchun ham tinch edi.
Kapitan Shohrux SAIDOV,
“Vatanparvar” muxbiri.
O‘zA