Polsha elchisi bilan uchrashuv
Uchrashuvda Oʻzbekiston - Polsha koʻp qirrali aloqalarining joriy holati va rivojlanish istiqboli muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Polsha Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Pyotr Ivashkevichni qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati maʼlum qilgan.
Uchrashuvda Oʻzbekiston - Polsha koʻp qirrali aloqalarining joriy holati va rivojlanish istiqboli muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda sezilarli faollashgan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish Polsha bilan munosabatlardan koʻzlangan asosiy maqsad ekani taʼkidlandi. Zero, pandemiyaga qaramay, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ushbu mamlakatga eksport qilish hisobiga 2020-yil yanvar-sentyabr oylarida savdo aylanmasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 8,8 foizga oʻsdi.
Suhbat davomida madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga, xususan, taʼlim sohasidagi aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirildi. Hozir Andijonda Varshava menejment universiteti filialini ochish loyihasini amalga oshirish masalasi ustida ish ketayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida Elchining ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirish yoʻlidagi faoliyatiga yuqori baho berildi.
Pyotr Ivashkevich ham oʻz navbatida Polshaning Toshkent shahridagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyati qoʻllab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirdi.