Pokiston Saudiya Arabistoniga qo‘shin kiritdi(mi)?
Yaqin Sharqdagi keskinlik kuchayishi fonida Pokiston Saudiya Arabistoni xavfsizligini mustahkamlash uchun maxfiy kelishuv asosida minglab askarlar, jangovar aviatsiya va mudofaa tizimlarini joylashtirdi, deb xabar bermoqda “Reuters” nashri.
Manbalarning aniqlik kiritishicha, yuborilgan askarlar shunchaki harbiy maslahatchilar emas, balki Saudiya Arabistoniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum uyushtirilgan taqdirda jangga kirishishga qodir bo‘lgan professional kuchlardir.
Ayrim xorijiy nashrlar yozishicha, joriy yilning aprel oyi boshida Pokiston Ar-riyod ixtiyoriga 16 ta “JF-17” qiruvchi samolyotini taqdim etgan. Bundan tashqari, qirollik mudofaasini kuchaytirish uchun ikki eskadrilya dronlar va Xitoyning “HQ-9” zenit-raketa majmualari safarbar qilingan.
Yetkazilgan harbiy texnikani pokistonlik mutaxassislarning o‘zlari boshqaradi, biroq ularni saqlash va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha moliyaviy xarajatlar to‘liq Saudiya tomonidan qoplanadi. Agar vaziyat taqozo etsa, Islomobod mintaqaga yana qo‘shimcha kuchlarni jo‘natishi mumkin.
Saudiya Arabistonida avvalgi kelishuvlar asosida minglab pokistonlik harbiylar allaqachon xizmat burchini o‘tamoqda. Yangi imzolangan kelishuv esa inqirozli vaziyatlarda Pokistonga qirollik chegaralarini himoya qilish uchun 80 ming nafargacha askar yuborish huquqini beradi.
Qirollik bilan bunday yaqin harbiy hamkorlikka qaramay, Islomobod mintaqaviy mojarolarda, xususan, Eron bilan munosabatlarda muvozanatni saqlashga urinmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, Pokiston bir vaqtning o‘zida Tehron va Vashington o‘rtasidagi aloqalarni tiklashda vositachilik qilgan hamda ular o‘rtasidagi maxfiy tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA