Pokiston qimmatbaho tovarlar importini taqiqladi
Iqtisodiy favqulodda vaziyat tufayli Pokiston hukumati zarur bo‘lmagan qimmatbaho buyumlarni import qilishni to‘liq taqiqladi. Bu chora valyuta zaxiralarini saqlab qolishga yordam beradi, deb xabar berdi “Thye Economic Times” nashri.
Taqiqlanadigan tovarlar orasida avtomobillar, uyali telefonlar, maishiy texnika va kosmetika mavjud. Ushbu chora yoqilg‘i, oziq-ovqat yog‘i va dukkakli ekinlarga ta’sir qilmaydi.
Pokiston Axborot vaziri Marryum Aurangzeb ma’lum qilishicha, qimmatbaho tovarlarga nisbatan taqiq fevral-may oylari orasida 16,3 milliard dollardan 10 milliard dollarga tushgan valyuta zaxiralarini saqlab qolishga yordam beradi.
Bundan tashqari, mazkur chora tufayli hukumat har yili 6 milliard dollar mablag‘ni tejashni rejalashtirmoqda. “Kazinform” xalqaro axborot agentligi xabariga ko‘ra, bu yil Pokistonning byudjet taqchilligi taxminan 17 milliard dollarni yoki YAIMning 4,5 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.