Pokiston: Politsiya maskaniga hujumda 9 xodim halok bo‘ldi
Pokistonning Balujiston viloyatida joylashgan politsiya nazorat maskaniga uyushtirilgan terror hujumi oqibatida kamida to‘qqiz nafar huquq-tartibot idorasi xodimi qurbon bo‘ldi.
Hududda xavfsizlik chorasi kuchaytirilgan. Davlat ommaviy axborot vositalari mahalliy hokimiyatga tayanib xabar berishicha, Ziyorat tumanidagi politsiya manzilida yuz bergan fojia qurbonlarining ikki nafari yuqori lavozimli zobit edi. Okrug komissari o‘rinbosari Abdul Qudus Achakzoy hodisani terror harakati, deya baholadi. Bu haqda “Anadolu” xabar bergan.
Qo‘shimcha qilinishicha, ayni dam yana besh nafar politsiya xodimining taqdiri noma’lum. Hozir ular qidirilyapti. Vaziyatni nazoratga olish uchun voqea joyiga zudlik bilan qo‘shimcha kuchlar safarbar etildi.
E’tiborlisi, ushbu qonli voqea viloyatda vaziyat biroz barqarorlashgan davrga to‘g‘ri keldi. Mojaro va xavfsizlik tadqiqotlari instituti ma’lumotiga ko‘ra, iyun oyida viloyat bo‘ylab terror faolligi sezilarli darajada pasaygan edi. Xususan, may oyida 71 hujum qayd etilgan, iyun oyiga kelib bu ko‘rsatkich 31 foiz kamaygan va 49 tani tashkil etgan. Shunga qaramay, Ziyoratdagi so‘nggi hujum mintaqada xavfsizlik tahdidi hamon jiddiyligini ko‘rsatmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA