Pokiston ishbilarmonlari O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirmoqda
O‘zbekistonning Pokistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari uyushmasi raisi Tariq Mahmud Bhatti bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokara chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada faollashtirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy innovatsion yechimlarni joriy etish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish uchun yangi eksport kanallarini shakllantirish va yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida elchi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, g‘o‘za yetishtirishdan tortib tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Bu yondashuv mamlakatning eksport salohiyatini oshirish va milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 16-yanvardagi yengil sanoatda qayta ishlash quvvatlarini kengaytirishga qaratilgan farmoni ahamiyati alohida qayd etildi. Mazkur hujjat mahalliy brendlarning xalqaro bozordagi mavqeini mustahkamlash bilan birga, sohaning xorijiy sarmoyalar uchun jozibadorligini sezilarli darajada oshirmoqda.
O‘z navbatida, Tariq Mahmud Bhatti Pokiston ishbilarmon doiralari O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirayotganini qayd etdi.
– Mamlakatning qulay geografik joylashuvi, barqaror iqtisodiy siyosat va ishonchli investitsiya muhiti bu qiziqishning asosiy omillaridan hisoblanadi, – dedi Tariq Mahmud Bhatti. – To‘qimachilik sanoati mintaqa iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biriga aylangan, uyushma a’zolari O‘zbekistonda poliester va sun’iy tolali gazlamalar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi korxonalar tashkil etish, shuningdek, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish loyihalarida ishtirok etishga tayyor.
Uchrashuv yakunida Pokiston delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga ham erishildi. Tashrif dasturidan tegishli davlat idoralari vakillari bilan muzokaralar, tadbirkorlar o‘rtasida “B2B” formatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuvlar o‘tkazish hamda mamlakatdagi yirik to‘qimachilik klasterlari faoliyati bilan yaqindan tanishish o‘rin olishi rejalashtirilmoqda.
B.XUDOYBERDIEV,
O‘zA