Pokiston: AQSH va Eron kelishuvga yaqin (+video)
Yaqin vaqt ichida AQSH va Eron urushni to‘xtatish bo‘yicha memorandum yuzasidan kelishuvga erishishi mumkin, deb xabar berdi DW nashri.
Shuningdek, bu haqda Reuters agentligiga Pokistondagi vositachilik jarayonlariga yaqin manba ma’lum qilgan. Manba boshqa nashrlarda chiqqan shu kabi xabarlarni ham tasdiqlagan.
AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etayotgan Pokiston hukumati tomonlarning harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga yaqinlashganini bildirdi. Urushni to‘xtatish haqidagi memorandum bo‘yicha kelishuv yaqin kunlarda imzolanishi mumkinligi aytilmoqda. Ayni paytda AQSH ma’muriyati Eron bilan ehtimoliy kelishuv bo‘yicha rasmiy bayonot bermagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda Trampning kuyovi Jared Kushner Eron rasmiylari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va vositachilar orqali muzokaralar olib bormoqda. Muzokara 14 banddan iborat memorandum yuzasidan kechmoqda.
Nashrning amerikalik amaldorlar va jarayondan xabardor manbalarga tayanib yozishicha, hujjat 30 kun davomida batafsil kelishuv ishlab chiqish uchun rasmiy muzokaralar o‘tkazilishini nazarda tutadi. Shu muddat ichida Eron tomonidan Hurmuz bo‘g‘ozidagi kemalar harakatiga qo‘yilgan cheklovlar va AQSHning Eron portlariga nisbatan blokadasi bosqichma-bosqich bekor qilinishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, AQSH Erondan uranni boyitishni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha moratoriyga rozi bo‘lishini kutmoqda. Evaziga Vashington sanksiyalarni yumshatishi va milliardlab dollarlik muzlatilgan Eron aktivlarini ozod qilishi mumkin. Agar muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, AQSH blokada yoki harbiy harakatlarni qayta tiklashi mumkin.
Shuningdek, Vashington Erondan 48 soat ichida javob kutayotganligi aytiladi. Tehron ham o‘z navbatida bu taklifni o‘rganmoqda. Avvalroq Eron axborot agentliklari Eronning o‘zi ham AQSHga 14 bandli tinchlik rejasini taqdim etganini xabar qilgan edi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/0YcCw8zg8tM" title="Pokiston: AQSH va Eron kelishuvga yaqin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA