Platini soʻroqdan keyin hibsdan ozod qilindi
UYEFAning sobiq prezidenti Mishel Platini biror bir ayblov qoʻyilmagan holda hibsdan ozod qilindi. Bu haqda AFP xabar berdi.
UYEFAning sobiq prezidenti Mishel Platini biror bir ayblov qoʻyilmagan holda hibsdan ozod qilindi. Bu haqda AFP xabar berdi. “Mish-mishlarga asos yoʻq”, dedi advokat Uilyam Burdon Platinining hibsga olinishiga bergan izohida.
Mishel Platini seshanba kuni Parijda aksilkorrupsiya politsiyasi xodimlari tomonidan hibsga olingandi, u 2022-yilgi jahon chempionati mezbonini tanlash vaqtida korrupsiya ishi boʻyicha soʻroq qilinishi kerak edi.
Maʼlumki, 2022-yilda jahon chempionati bahslari Qatarda boʻlib oʻtadi. Bu ish boʻyicha Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi hukumatidagi sobiq ichki ishlar vaziri Klod Gean ham soʻroq qilindi.
Qatar davlati 2010-yilning dekabrida xalqaro futbol federatsiyasi FIFA Ijroiya qoʻmitasida boʻlib oʻtgan ovoz berish jarayonida 2022-yilgi jahon chempionatini oʻtkazish xuquqini qoʻlga kiritgan edi. Oʻshanda 2018-yilgi jahon chempionatini oʻtkazish xuquqi Rossiyaga berilgandi.
Shundan keyin Buyuk Britaniya OAV bir qator tergov materiallarini eʼlon qildi. Maʼlumotlarda qaror korrupsiya yoʻli bilan qabul qilingani yozilgan. FIFA mustaqil komissiyasi tomonidan oʻrganilgan bu xabar tasdiqlanmadi.
Jahon chempionatini oʻtkazish borasida Qatarning tanlangani futbol hamjamiyatida keskin tanqid qilindi, chunki bu mamlakatda futbol infrastrukturasi yoʻq boʻlib, musobaqa odatdagidek yozda emas, balki noyabr-dekabr oylarida oʻtkaziladigan boʻldi.
Platini – mashhur futbolchi, u oʻtgan asrning 70-80-yillarida toʻp tepgan. “Nansi” va Turinning “Yuventus” jamoalari tarkibida maydonga tushgan Platini ketma-ket uch marta “Oltin toʻp” sohibi boʻlgan ilk futbolchidir.