Piyoda yurish umrni uzaytiradi
Farg‘onada harbiylar va ularning oila-a’zolari sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qildi.
Yurish tana uchun eng tabiiy jismoniy jarayon hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da, aksariyat odamlar imkon qadar kamroq piyoda yurishga harakat qiladi. Insoniyat kamroq yurish uchun nimalarni o‘ylab topmadi deysiz: eskalatorlar, liftlar, elektrosamakatlar, sigvey, avtomobillar...

Vaholanki, ilmiy tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, aynan piyoda yurish – umrni uzaytirish uchun juda foydali mashg‘ulot sanaladi. Bayram va dam olish kunlarida sport bilan shug‘ullanish yaxshi imkoniyatdir. Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari Farg‘ona garnizonida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirokida “Sog‘lom hayot sari 5000 qadam” piyoda yurish marafoni o‘tkazildi.

Marafon ko‘tarinki ruhda o‘tishini ta’minlash maqsadida harbiy orkestr jamoasi o‘zining musiqalari bilan hamroh bo‘ldi.
Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari Farg‘ona shahri ko‘chalarini yayov yurgan holda 5 kilometr masofani bosib o‘tishdi. Marafon so‘nggida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari o‘zlarini yanada tetik his qilganini ta’kidlashdi.
M. Sulaymonov, O‘zA