Piyoda yurish sog‘lom hayot garovi
Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi Yurtim jamoli mahallasida “Sog‘lom hayot uchun besh ming qadam” piyoda yurish marafoni o‘tkazildi.
Mahalla nuroniylari, sportsevar yoshlar, tashkilot va muassasalar xodimlari erta tongdan besh ming qadam piyoda yurib, uning salomatlik uchun juda foydali mashg‘ulot ekanini keng namoyish etdi.

Mutaxassislarning aytishicha, doimiy piyoda yurish qon bosimini me’yorlashtirib, organizmning umumiy holatini yaxshilaydi. Insonga xush kayfiyat bag‘ishladi. Qonda xolesterin miqdorini tartibga keltirib, ateroskleroz rivojlanish xavfining oldini oladi. Infarkt va insult kabi hayot uchun xavfli kasalliklarga chalinishning oldini olishga xizmat qiladi.

Olimlarning ilmiy tadqiqotlari inson piyoda yurganida tana harakatlari va mushaklar qisqarib, barcha a’zo va to‘qimalarida, qorin bo‘shlig‘i, kichik chanoq a’zolarida qon aylanish kuchayishi, qon tarkibida kislorod, ozuqa moddalar miqdori oshishini ham kashf etgan. Yilning to‘rt faslida piyoda yurishni odat qilgan inson barcha tomirlar, shu jumladan, limfalar harakatlanishini yo‘lga qo‘yib, organizmdagi ortiqcha tuz va toksinlarning chiqib ketishiga qulay muhit yaratishi, tana tozalanib, inson yengil harakatlanishi, umri uzayib, sog‘lom turmush kechirishini aniqlagan.

Marafon qatnashchilari piyoda yurishning ana shunday foydali taraflari haqida atroflicha fikr almashib, muntazam jismoniy faollik va piyoda yurishning ahamiyatini, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri