Piskent pillakorlari yilning ilk hosilini yig‘moqda
Piskent tumanida pillachilik tobora rivojlanib bormoqda. Ipak esa tabiiy toza va eksportbop mahsulotdir. Joriy yilda hudud pillakorlari jami 2840 quti qurt urug‘i parvarish qilmoqda.
Reja bo‘yicha 168 tonna xomashyo olish rejalashtirilgan. Ayni vaqtda ular tomonidan Toshkent viloyatida birinchilardan bo‘lib yilning ilk hosili yig‘ishtirilmoqda.
Xususan, Murotali mahallasida yashovchi Mahliyo Abdumalikova xonadoni pillachilik bilan ko‘p yillardan beri shug‘ullanadi. Hozir bu oila yetishtirgan pilla hosilini yig‘ish jarayonlarini boshlab yuborishgan. Tumanda eng ilg‘or pillakorlar safida turuvchi Mahliyo opa 2 quti pilla olib, qaynonasi bilan birgalikda ipak qurtini parvarishlagan. Uning 60 yoshdan oshgan qaynonasi Shahriniso aya ham pillachilik sirlarini farzandlariga o‘rgatadi.
— Qop-qora zarradan oppoq tovlangan ipakka aylangunicha qurtning bari fe’l-atvori yod bo‘lib ketgan,--deydi ilg‘or pillakor Mahliyo Abdumalikova. — Qo‘ni-qo‘shni, qarindoshlar bahorning ilikuzildi vaqtida pilla boqamiz. Bir oygina vaqt ichida ro‘zg‘orimizga yaxshigina foyda, ham uyda bo‘sh o‘tirmasdan ish bilan band bo‘lamiz.
Shuningdek, Kultepa mahallasida yashovchi Otamurod Xoliqov tajribali dehqon va pillakor. Bu yil u 3 quti pilla qurti boqib, 171 kilogramm pilla mahsulotini yetishtirishni rejalashtirgan.
3 nafar farzand va 5 nabiraning suyukli bobosi bo‘lgan qahramonimiz xonadonining 8 sotix tomorqa yerida kartoshka eggan. Bir yilda oila shu joydan uch marotaba hosil oladi. Shuningdek, Otamurod ota bu bilan cheklanmay asalarichilik va chorvachilik bilan ham shug‘ullanadi.

Umuman olganda, joriy yil Piskentda pilla mavsumi puxta tayyorgarlik asosida boshlandi. "Agropilla" mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari tomonidan joylardagi inkubatoriylarda ipak qurti urug‘larini jonlantirish ishlari belgilangan tartibda amalga oshirildi. O‘tgan davr mobaynida har bir kasanachilar uchun zarur sharoit qilindi. Maqsad pillakorlar mehnati samarali bo‘lsin.
A. Musayev, O‘zA muxbiri