Pillachilikni rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda
Pillachilik qadimiy va ko‘p asrlardan buyon xalqimiz shug‘ullanib kelayotgan yo‘nalishlardan biri sanaladi.
Bugungi kunda sohani rivojlantirishga, pillaning yangi, serhosil navlarini yaratishga, tutzorlarni ko‘paytirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, mazkur soha mutaxassislari va tajribali pillakorlar mehnatini ham alohida ta’kidlash kerak.

Zero, ipak qurtini parvarishlash, uni bir oy davomida uzluksiz oziqlantirish mashaqqatlariga bardosh berish oson ish emas.
Ana shunday fidoyi pillakorlardan biri Karmana tumani “Shibzon” MFYda istiqomat qiluvchi Gulnora opa Jumayevadir. Opa qariyb 40 yildirki oila a’zolari bilan ipak qurti parvarishlab, davlatimizga kumush tola yetkazib beradi.

– Aslida onam uzoq yillar davomida pillachilik bilan shug‘ullangan. Biz esa bolaligimizdan u kishiga ko‘maklashganmiz, – deydi Gulnora opa. – Har yili pilla boqamiz. Pillachilik bilan shug‘ullanayotganlarga ma’lum, ipak qurti juda nozik bo‘ladi. Erta tongda turib, tut bargini terib kelish kerak. Ularni so‘lib qolmasligi uchun salqin joyda saqlab, belgilangan vaqtda ipak qurtiga berish lozim. Ipak qurti tozalik va ozodalikni, e’tiborni talab etadi. Pilla boqiladigan xonani shamollatib, haroratini doimiy nazorat qilib turish kerak. Xullas, mehnatiga chidagan odamgina ipak qurti boqadi. Bu yil ham oilamiz bilan ipak qurti boqdik. Ikki-uch kun ichida hosilni terib olamiz. Rejamiz 500 kg hosil olish. Lekin niyatimiz undan-da ko‘proq hosil olish.

Albatta, yurtimizda ipakchilik sohasida ham islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi “Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada dasturilamal vazifasini bajarmoqda.
Qarorga ko‘ra, ipakchilikni yanada rivojlantirish, ipak qurtini parvarishlash, ozuqa bazasini mustahkamlash, pilla yetishtirish jarayonlarini takomillashtirish hamda ipakchilik korxonalari quvvatlarini oshirish hisobiga aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, pilla sifatini oshirish maqsadida ozuqa bazasini 2026-2030-yillarda bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilgan. Jumladan, 8 ming gektarda yangi tutzorlar barpo qilish, 41,5 ming gektar maydonda yakka qator tut ko‘chatlarini ekish, 15 ming gektardagi tutzorlarni rekonstruksiya qilish nazarda tutilgan. Buning natijasida 2030-yilga qadar 200 millionta tut ko‘chatlari ekilishi va ozuqa bazasi 30 foizga oshishi kutilmoqda.
Pilla yetishtirish hajmlari ozuqa bazasini tahlil qilish asosida prognozlashtiriladi. Xususan, 2026-yilda 30 ming tonna, 2030-yilga borib, 36 ming tonna pilla yetishtirish rejalashtirilmoqda.
Joriy yilda Navoiy viloyatida 24 ming 623 quti ipak qurti boqilib, 1477 tonna pilla hosili yetishtirish ko‘zda tutilgan.
Albatta, ipak matolari o‘zining mayin va nafisligi bilan ajralib, diqqatimizni o‘ziga tortadi. Shu sabab ipakdan tikilgan mahsulotlar doim xaridorgir. Qolaversa, tabiiylikning bahosi hamisha yuqori bo‘lgan. Pillachilikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor esa ushbu qimmatbaho xomashyoni tayyorlash hajmini ham oshirmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri