Pillachilikdan kavrakchilikgacha bo‘lgan islohotlar
bugungi kunda mamlakatimiz yaylovlarida 93 ming gektardan ortiq kavrak o‘suvchi maydonlar mavjud bo‘lib, mazkur yo‘nalishda 7 ta kavrakchilik klasteri tashkil etilgan.
2019-2020 yillarda qorako‘l qo‘ylarining naslini yaxshilash maqsadida Navoiy viloyatining Konimex, Qashqadaryo viloyatining G‘uzor va Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumanlarida Qorako‘lchilik ilmiy naslchilik tajriba stansiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi oldidan o‘tkazilgan Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipovning hisobotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi to‘rt yilda pillachilik klasterlari soni 19 tadan 76 taga yetkazilgan. Respublikada 53,5 ming gektar tutzor barpo etilib, joriy yilning bahorgi mavsumida 62,5 million tup tut ko‘chati va 53 million tupdan ortiq yakka qator tut daraxtlari ekilgan. Qolaversa, 11 ta ipak qurti urug‘chilik korxonasi tashkil etilgan bo‘lib, ular tomonidan 2019 yilda 157,8 ming quti, 2020 yilda 185,9 ming quti, 2021 yilda 240 ming quti sanoatbop ipak qurti urug‘lari ishlab chiqarilgan.
Bundan tashqari, 2019-2020 yillarda ipakchilik yo‘nalishida investitsiya dasturiga asosan 123 ta loyiha doirasida 163,4 million dollarlik mablag‘, shu jumladan, 10,4 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilingan.
Majlisda amalga oshirilgan ishlarga qaramay ipakchilik, tutchilik, qorako‘lchilik va madaniy yaylovlar barpo etishni rivojlantirish bilan bog‘liq tizimli muammolar saqlanib qolinayotgani ta’kidlandi. Xususan, Prezidentimizning 2020 yil 17 yanvardagi “Pillachilik tarmog‘ida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, yangi intensiv tutzorlar barpo etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yil 1 fevraldan boshlab davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan pillachilik va tutchilik tashkilotlariga maydoni 35 gektardan ziyod tutzorda suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduq, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 million so‘mgacha subsidiya berilishi belgilab qo‘yilgan.
Biroq Jizzax viloyati Yangiobod tumanida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan burg‘ilangan quduq va suv tortish uchun qurilish nasos stansiyasi qurilib, subsidiya olish bo‘yicha barcha kerakli hujjatlar rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar subsidiya mablag‘i ajratilmagan. Bu holat tizimdagi boshqa intensiv tutzor barpo qilish istagida bo‘lgan tadbirkorlarning loyihalarni to‘xtatib qo‘yishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, respublika bo‘yicha tutzorlar barpo etish uchun ajratilishi lozim bo‘lgan 20 ming gektar yer maydonidan atigi 9 ming gektari (45 foiz) ajratilgan xolos. Yana bir jihat, respublikada mavjud tutzorlar va yakka qator tut daraxtlari xatlovdan o‘tkazilganda rejada belgilangan 3,3 ming gektar tutzor va 26,5 million tup yakka qator tut daraxtlari mavjud emasligi aniqlangan. Qolaversa, klasterlarga ajratilishi belgilangan qishloq xo‘jaligi maydonlaridan Buxoro viloyatida 339 gektar, Qashqadaryo viloyatida 441 gektar kam yer ajratilgan. Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida umuman yer ajratilmagan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA