Pillachilik qizgʻin va masʼuliyatli jarayonda
Bargi shoyi mevasi dori...Tut daraxtiga berilgan bu taʼrif donishmand xalqimizning qalb ardogʻidan yaralgani rost.
Bargi shoyi mevasi dori...Tut daraxtiga berilgan bu taʼrif donishmand xalqimizning qalb ardogʻidan yaralgani rost. Ajdodlarimiz azal azaldan har bahorda qurt boqib, pilla yetishtirishni tirikchilikning asosi deb bilgan. Qolaversa, ota bobolarimiz bu yumushga qishdan eson omon chiqib koʻklamga yetkazganiga shukrona belgisi sifatida ham qarashgan. Har bir xonadon oʻz ehtiyojiga yarasha ipak qurti parvarishlashni nafaqat farz, balki oila iqtisodiyotini taʼminlashning ishonchli manbai deb bilgani ham shundan.
PILLACHILIKNING XOTIRAMDA QOLGAN YORQIN IZLARI
Biz qishloqda yashardik. 10 farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan onamni eslasam, nuqul uzun ayvondagi qurtxonada kuymanib yurganlari koʻz oʻngimda gavdalanadi. Biz hammamiz erta uygʻonardik. Dadam usta Mirob boʻlganligi bois, koʻp vaqtni dala yumushlari bilan oʻtkazardi. Ipak qurti mavsumida esa u har kuni uyda qolib, barchamizga jamuljam boʻlib birgalikda ishlashimizga bosh qosh boʻlardi. Hammaning oʻz vazifasi, tong saharda turib bajaradigan aniq yumushi bor edi. Uyimizga kichkina qutida keltirib berilgan qop qora ipak kurtlari sal oʻtmasdan oqara boshlardi. Onam bu mavjudotlar yetti xazinaning biri, hammamiz hamjihat boʻlib ularni parvarishlasak qilsak, moʻl hosil olishimiz mumkinligi, daromadidan esa toʻylar qilib, kam koʻstimizni butlab olishimizni bot bot uqtirardilar.
Mana yoshim ulgʻayib mana shu sohaning pastu balandi, oʻziga xos mashaqqatlarini obdon oʻrgana borganim sayin, onam bizdan qattiq talab etgan “hamjihatlik” ning pillachilikdek serdaromad tarmoq uchun eng muhim omil ekanligini yana-da chuqurroq tushunib yetmoqdaman.
Ha, ipak qurti parvarishi shunchaki yumush emas. Koʻpchilikning shirin tashvishi, odamlarni bir maqsad atrofida jipslashtiradigan, qisqa biroq masʼuliyatli pallada bajarilgan mehnatga eng munosib javob qaytarilishiga ishonchli kafolat boʻladigan muhim jarayon bu.
Ayni kunlarda dehqonchilikning ilk mavsumi ipak qurti parvarishi qizgʻin pallaga kirdi. Pillachilik yangi Oʻzbekiston iqtisodiyotining serdaromad yaxlit bir tizimi sifatida kun sayin takomillashib borayotgan tarmoq sifatida oʻzini namoyon qilib ulgurdi. Endi odamlar ipak qurti parvarishlashga roʻzgʻor tebratishning moddiy manfaati hamda xalqimiz tadbirkorligini dunyo miqyosida keng namoyon etib, pillachilik tarmoqlarida ilgʻor innovatsion gʻoyalarni harakatga keltirishning asosi sifatida qarashga oʻrganib bormoqdalar. Bu esa mamlakatimizda pillachilik sohasining kun sayin rivojlanib, tizimda tadbirkorlik imkoniyatlarining kengayib borishiga sabab boʻlmoqda.
Ishga nisbatan bunday munosabatning zamonaviy, yangicha tus olib borayotganini Prezidentimizning joriy yil pillachilik ozuqa bazasini rivojlantirish boʻyicha qabul qilgan muhim qaroridan ham bilsak boʻladi.
Bu yilgi mavsum pilla yetishtiruvchilar uchun kutilmagan yangi imkoniyatlarga eshik ochdi. Mamlakatimiz va butun dunyo miqyosidagi jiddiy vaziyatda ham sifatli urugʻlarning oʻz vaqtida ipak qurti parvarishi bilan shugʻullanadigan pillachilik tarmoqlariga yetkazib berilgani mavsumning xayrli boshlaganidan darak beradi.
“Oʻzbekipaksanoati” uyushmasining sifatli ipak qurti urugʻi yetishtirish, pillani qayta ishlash korxonalari imkoniyatlarini yana-da kengaytirish, ishonchli chet el investorlari bilan manfaatli hamkorligi natijasida ipakni chuqur qayta ishlash orqali zamonaviy matolar ishlab chiqarishga yangi toʻquv dastgohlarini oʻrnatib, mamlakatimizda klaster usulidagi tizimli sohani bir maromda ishlashi uchun HAMJIHATLIKdagi harakatlar boshlab yuborildi. Maqsadimiz aniq. Pillachilikni mamlakat iqtisodiyotining mustahkam bir negiziga aylantirish orqali yangi innovatsiyalarni ilgari surish. Bu avvalo, ipak qurti parvarishida ilgʻor texnologiyalarni joriy etish evaziga odamlar ogʻirini yengil qilish, tadbirkorlik liniyalarini koʻpaytirib, yangi ish oʻrinlarini koʻproq barpo etishimizda namoyon boʻladi. Buning uchun ishni tashkil etishning ilgʻor va harakatchan usulidan unumli foydalanish talab etiladi. Prezidentimizning kuni kecha oʻtkazgan selektor yigʻilishi talablaridan kelib chiqadigan bu muhim vazifalar har birimizdan, “Oʻzbekiapaksanoat” uyushmasi tizimidagi masʼul mutaxassislar, sohamizning yetakchi olim va agronomlari, ipak qurti boquvchilar va pillani qayta ishlash korxonalari vakillaridan oʻtamasʼuliyat bilan birlashishni talab etmoqda.
Agar yodingizda boʻlsa, paxta dalalarimiz atrofi tut qatorlari bilan oʻralgan boʻlardi. Agar bir tup 15 yillik tut daraxti 70 litrgacha yer osti sizot suvlarini bugʻlantirishini inobatga oladigan boʻlsak, tut daraxtlarining ekin yerlari atrofida oʻsishi meleorativ holatning yaxshilanishi va hosildorlik rivoji uchun foydali boʻlgan. Xalqimiz buni yaxshi bilgani uchun azaldan hovuzlar, zovur va ariqlar, dalalar atrofiga tut koʻchatlari ekishgan.
Prezidentimiz qabul qilgan yangi qaror sohada amalga oshirilayotgan ishlarimizni yana-da rivojlantirishda muhim omil boʻlib, yangi innovatsion texnologiyalarni tutchilikka tatbiq qilishimiz, urugʻchilik va seleksiya ishlarini olib borish, yangi tutzorlar tashkil qilishga keng yoʻl ochib berdi.
SERHOSIL NAV YARATILDI
2017-yil uyushmamiz yangi tashkil etilgach, barcha viloyatlarda 22 ta tutchilik fermer xoʻjaliklariga asos solingandi. Ayni kunda bu xoʻjaliklarda tut urugʻi va tut koʻchati yetishtirish uchun 506,1 gektar yer maydonlari ajratilib tut koʻchatlari yetishtirilmoqda. Bugungi kunda asosiy eʼtibor tut koʻchatlarining yangi, iqlim sharoitimizga mos serhosil navlarini yaratishga qaratilgan.
Bu borada Andijon viloyatining Marhamat tumanida tashkil etilgan “Ipak” tutchilik fermer xoʻjaligida ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti olimlari bilan hamkorlikda yangi Marxamat navi yaratilganligini mamnuniyat bilan eʼtirof etishni istardim. Ushbu yangi nav oʻzining hosildorligi bilan alohida ahamiyatga ega. Agar ilgari 1 gektar tutzordan 10 tonna barg olingan boʻlsa, yangi navdan 45 tonnagacha hosil olish mumkinligi oʻzining ilmiy isbotini topdi. Shunisi eʼtiborliki, “MARHAMAT” navi asosan koʻchatlarni payvandlash orqali koʻpaytirilmoqda. Bu esa mazkur serhosil tut koʻchatlarini respublikamizning barcha hududlarida qiyinchiliksiz koʻpaytirish imkoniyati mavjud degani. Bundan tashqari 2019-yilda hosil beradigan 20,2 gektar onalik tutzorlardan 1820 kg. tut urugʻi tayyorlandi va 20,1 gektar yangi onalik tutzorlarini barpo etdik. Olingan tut urugʻlari 2020-yilning bahor mavsumida tut koʻchati yetishtirishga ixtisoslashtirilgan 370,2 gektar yer maydoniga ega xoʻjaliklarga ekildi. Maqsad, har bir gektar maydondan oʻrtacha 250 ming, tup jami respublika boʻyicha 92 million 550 ming, tup koʻchat yetishtirish.
Joriy yilning bahor va kuz mavsumlarida 68 million 435 ming tup tut koʻchatlari ekish rejalashtirilgan. Bu yoʻnalishda peshqadamlik qilayotgan Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida tut koʻchatlari ekish ishlari nihoyalanib qoldi.
SUBSIDIYALAR SOHA RIVOJIGA XIZMAT QILADI
Shuningdek, qarorda 2020–2025-yillarda ipak qurti parvarishlash va tirik pilla xomashyosi yetishtirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi. Joriy yilda respublika boʻyicha jami 21 ming tonna pilla yetishtirish rejalashtirilgan.
2020-yil 1-fevraldan boshlab pillachilik va tutchilik tashkilotlariga tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etgan holda yangidan tashkil etilgan tutzorlarning har bir gektariga 8 million soʻmgacha, maydoni 35 gektardan ziyod tutzorlarda suv chiqarish uchun burgʻulangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 million soʻmgacha subsidiya taqdim etilishi koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi hududiy “Agropilla” MCHJlariga tegishli tutzorlar tajriba sinov tariqasida aholiga oilaviy pudrat asosida 1 gektardan 3 gektargacha boʻlib beriladi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, sohaga berilayotgan bunday eʼtibor bois, mamlakatimizda pillachilik va tutchilik tarmogʻini rivojlantirib, xalqimiz daromad manbai imkoniyatlarini kengaytirishga va shu orqali mahsulotlar eksport hajmini yana-da koʻpaytirishga erishilmoqda. Bu esa minglab odamlar, ayniqsa ayollar va yoshlar uchun ish oʻrinlari, kasanachilik, oilaviy tadbirkorlik hamda kichik biznesni rivojlantirish degani.
Demak, tutchilikni rivojlantirish yoʻlidagi hamjihatligimiz nafaqat pillani chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalarda, yuz minglab ish oʻrinlari barpo qilishdek oliy maqsadlarimizga asos boʻlishi mumkin. Shunday ekan, bu yilgi bahorda HAMJIHATLIKdagi xayrli harakatimiz, yaʼni pillachilikdagi yangi tashabbuslarimiz bilan birlashaylik.
Hamid OCHILOV,
“OʻZBEKIPAKSANOAT” uyushmasi boshqarma boshligʻi