Pezeshkiyon: Eron muzokaraga tayyor, ammo yadro energiyasidan foydalanish huquqidan voz kechmaydi
BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlagan Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Tehron kuch ishlatmasdan muzokara qilishga tayyorligi, ammo mamlakatga qarshi ehtimoliy hujumni e’tiborsiz qoldirmasligini aytdi.
U Eronga yadro texnologiyasi qurol ishlab chiqarish uchun emas, balki tinchlik maqsadida – tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va energetikani rivojlantirish uchun kerakligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron yadroviy dasturi masalasi jang maydonida emas, balki kelishuv orqali hal qilinishi kerak.
Pezeshkiyon mintaqada xorijiy harbiy kuchlar mavjudligini tanqid qildi va Yaqin Sharq xavfsizligini birinchi navbatda qo‘shni davlatlar ta’minlashi kerakligiga urg‘u berdi. Isroil va Qo‘shma Shtatlarni mintaqani beqarorlashtirishda ayblab, G‘azodagi vaziyatni “genotsid” dedi. Shuningdek, Islom Respublikasi suverenitetini himoya qilish uchun mudofaa qobiliyatini mustahkamlashda davom etishini aytdi. U nutq so‘zlayotganda AQSH delegatsiyasi zalni tark etgan.
S.Rahimov, O‘zA