Peshag‘orda tomorqachilik rivojlanmoqda
Jizzax viloyatining Zomin tumani Peshag‘or mahallasida bugungi manzarani ko‘rgan odam kechagi lalmi adirlarni eslab, ko‘zlariga ishonmay qoladi. Ilgari yomg‘irga qarab qolgan, bahor o‘tmay sarg‘ayib ketadigan yerlar hozir yam-yashil. Kimdir uzum ekibdi, kimdir ko‘chat, yana kimdir esa issiqxona qilib olgan.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 30-iyundagi “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur hujjatga muvofiq, tomorqachilikni rivojlantirish, aholini daromadli mehnatga jalb qilish, issiqxonalarni kengaytirish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, aholiga imtiyozli kreditlar ajratish, urug‘lik va ko‘chatlar bilan ta’minlash, agronomik xizmatlarni yo‘lga qo‘yish kabi choralar o‘z samarasini bermoqda.

Peshag‘orlik O‘ktam Boboyev xonadoni shulardan biri. Hovlidagi 8 sotix issiqxonaga kirsangiz, hammasi tartibli: qatorlari aniq, sug‘orishi tomchilatib yo‘lga qo‘yilgan, har bir ko‘chat nazoratda.
— Ilgari, rostini aytsam, yerga ishonmasdik, — deydi O‘ktam aka. — Yomg‘ir bo‘lsa — hosil bor, bo‘lmasa — yo‘q. Hozir esa yer ham, mehnat ham hisob bilan. Masalan, mana shu 1 sotix bodringdan kamida 1,5–2 tonna hosil olyapmiz.
U issiqxonadagi hisob-kitobni oddiy qilib tushuntiradi:
— Bozorga qarab sotamiz. Qishda 1 kilosi 12–15 ming so‘mgacha chiqadi. Hatto o‘rtacha 8–10 mingdan hisoblasangiz ham 1 sotixdan 15–18 million so‘m tushum bo‘lyapti. Xarajatni chiqarsangiz, qolgani yomon emas.

Pomidor ham shundan kam emas:
— Pomidorni to‘g‘ri parvarish qilsangiz, 1 sotixdan 2-2,5 tonna olish mumkin. Erta bahorda narxi baland bo‘ladi. Shunda daromad yana ko‘proq chiqadi.
O‘ktam akaning gapidan bir narsa seziladi: u endi oddiy dehqon emas, o‘z ishini hisoblab yuritadigan tadbirkor.
— Ilgari bir marta hosil olsak, shu ham katta gap edi. Hozir ikki marta, ayrim qishloqdoshlarim uch marta hosil olyapti. Qishda ham qo‘l qovushtirib o‘tirmaymiz. Issiqxona bo‘lsa, ish bor, daromad bor, — deydi u.

Mutaxassislar ham buni tasdiqlaydi: zamonaviy issiqxonada 1 sotix yerdan ochiq maydonga nisbatan kamida 3-4 barobar ko‘p hosil olish mumkin. Tomchilatib sug‘orish, to‘g‘ri o‘g‘itlash va kasalliklarga qarshi tizimli kurash esa samarani yana oshiradi.
Eng muhimi, bunday o‘zgarishlar tasodif emas. Davlat tomonidan tomorqachilikni qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kreditlar, urug‘ va ko‘chat ta’minoti kabi choralar odamlarning yerga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirdi.
Peshag‘or tajribasi bir haqiqatni ko‘rsatyapti: yerga zamonaviy yondashsangiz, u sizga bir emas, ikki emas — uch karra javob qaytaradi.
Bu yerda endi “bir qarich yer — bir hosil” emas,
“bir qarich yer — hisobli mehnat bo‘lsa, uch hosil” degan qarash qaror topyapti.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri