Pekinda koronavirusning yangi oʻchogʻi paydo boʻldimi?
Kuni kecha Xitoy poytaxti Pekindagi ulgurji bozorda koronavirus aniqlangani shahar hokimiyatini qattiq xavotirga solmoqda.
Kuni kecha Xitoy poytaxti Pekindagi ulgurji bozorda koronavirus aniqlangani shahar hokimiyatini qattiq xavotirga solmoqda. Shaharda virus tarqalishi ehtimoli juda yuqori, dedi Pekin hokimligi matbuot xizmati rahbari Syuy Xeszyan.
Epidemiologik tekshiruv natijasida import qilingan losos baligʻi boʻlaklanadigan taxta yuzasida koronavirus aniqlangani bois shanba kuni “Sinfadi” bozori vaqtinchalik yopib qoʻyildi. Fentay tumanida esa harbiy davr tartibi oʻrnatildi, Jamoatchilik salomatligi sohasidagi favqulodda holat darajasi yana II bosqichgacha koʻtarildi.
Syuy Xeszyanning taʼkidlashicha, shaharda xatarli vaziyat yuzaga kelgandan keyin hukumat keskin choralarni koʻrishga hozirlanmoqda. Koronavirus aniqlangan bozor va unga yaqin tumanlarda, infeksiya manbasini aniqlash uchun tekshiruv olib borilmoqda. Shuningdek, koronavirus yuqtirgan va unga yaqin joylashgan hududlardagi barcha odamlar testdan oʻtkaziladi.
Dushanba kunidan boshlab, nufusi 11 million boʻlgan Baodin shahrida ham harbiy holat eʼlon qilindi. Mazkur shahar Xubey viloyatida Pekinga qoʻshni hisoblanadi. Pekin bilan Baodin orasidagi masofa 147 kilometr boʻlib, oʻzaro transport aloqasi juda yuqori, shu bois xushyorlikning eng yuqori bosqichi joriy qilinishi kerak, deyiladi xabarda.
“Baodindagi vaziyat shaharda imkon qadar tezroq harbiy holat eʼlon qilinishini va harbiy holat mexanizmlari ishga tushirilishini talab etmoqda”, - deyiladi epedimiyaga qarshi kurash boʻyicha tezkor shtab bergan bayonotda.
Pekin hokimiyatining maʼlum qilishicha, oʻtgan yakshanba kuni shaharda 76 ming 499 kishida koronavirusga qarshi test oʻtkazilgan, test topshirganlarning 59 nafarida infeksiya borligi aniqlangan.
Dushanba kuniga kelib esa, ushbu raqamga aniqlik kiritilib, shaharda 42 kishi COVID-19 bilan ogʻrigani haqda xabar tarqatildi, ularning 36 tasida kasallik klinik koʻrinishda boʻlgan, oltitasida esa koronavirus simptomlari koʻzga tashlanmagan. Umuman, xabarda hozirgacha 79 kishi COVID-19 tashxisi bilan shahar kasalxonasida yotgani haqda aytilmoqda.
Taʼkidlash joizki, Pekinda 11-iyungacha, 56 kun davomida koronavirusga chlinish bilan bogʻliq birorta ham bemor aniqlanmagan edi.
Umuman, Xitoyning oʻzida koronavirusga chalinish holati 83 ming 181-marta qayd etilgan, 78 ming 370 kishi sogʻayib chiqdi, 177 bemor kasalxonada davolanmoqda, 4 ming 634 bemor COVID-19 qurboni boʻldi. Mamlakatda aniqlangan koronavirusga chalinish holatlarining 1 ming 837 tasi xorijiy mamlakatlardan kelgan fuqarolarda qayd etilgan.
1-apreldan boshlab mamlakat ommaviy axborot vositalarida kasallikning simptomsiz kechishi bilan bogʻliq holatlar haqida ham aytila boshlandi. Masalan, oʻtgan kunda 18 ta shunday holat kuzatilgani haqida maʼlum qilindi. Ularda test natijalari natijasida infeksiya borligi aniqlangan, lekin tashqi koʻrinishida karavirusga chalinganlik alomatlari koʻzga tashlanmagan.
Qolaversa, Xitoyning oʻzidan tashqari, boshqa maʼmuriy hududlarida ham koronavirus aniqlangani kuzatilmoqda. Masalan, epidemiya paytida Gonkongda 1 ming 109 ta kasallanish holati aniqlangan boʻlsa, Makaoda ushbu koʻrsatkich 45 tani, Tayvanda esa 443 tani tashkil etmoqda.