Payariqlik maktab direktori pora olayotganda ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida 7 yanvar kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda poraxo‘rlik bilan bog‘liq ikki holat qayd etildi.
Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo‘limining 30 yoshli xodimi, tumanning Yangiobod mahallasida yashovchi fuqaroni tibbiyot birlashmasiga hamshira vazifasiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, undan 700 AQSH dollari olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Payariq tumanidagi maktablarning birining direktori J.Sh. esa tumanning Boshqo‘rg‘on mahallasida yashovchi fuqaroni o‘zi rahbarlik qilayotgan maktab psixologiya fani o‘qituvchisi sifatida ishga olish evaziga undan 400 AQSH dollari miqdorida pul talab qilgan. Dastlab 900 ming so‘m “avans” olgan direktor qolgan 3 million 200 ming so‘mni olayotgan vaqtda orzulari sarobga aylandi.
Ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.