Payariqda gaz narxlari ustidan nazorat kuchaytirildi
Samarqand viloyati Payariq tumanida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shoxobchalaridagi narxlar yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi. Murojaatlarda ayni tumanda gaz narxlari qo‘shni hududlarga nisbatan asossiz ravishda yuqori ekani ta’kidlangan.
O‘rganish doirasida Payariq va unga tutash tumanlarda joylashgan ASGTSHlarda siqilgan gaz narxlari bo‘yicha monitoring va iste’molchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Natijada, tumanda faoliyat yuritayotgan 12 ta ASGTSHdan 11 tasida joriy yilning 5-yanvaridan boshlab 1 m³ siqilgan gaz narxi bir vaqtda o‘rtacha 300 so‘mga oshirilgani aniqlandi.
Mazkur shoxobchalar 8 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ekt — “Temur-Bek”, “Sadaf Agro Servis”, “Raqobat Eko Gaz Servis”, “Jaxongir Prestij”, “Xudoyberdi Ramziddin Avtogaz”, “Amirxon Gaz Servis”, “Al-Asadbek Gaz Petrol Invest” va “Baxrin Gaz Oil” MCHJlar tasarrufida ekani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘shni tumanlarda esa shu davrda gaz narxlari o‘rtacha bozor ko‘rsatkichlari doirasida saqlanib qolgan. Bu holat esa Payariqdagi ayrim sub’ektlar tomonidan narxlarni sun’iy ravishda oshirish ehtimolini ko‘rsatgan.
Aniqlangan holatlar asosida hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan ushbu sub’ektlarga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasi talablari – raqobatga qarshi muvofiqlashtirilgan harakatlar sodir etilgani yuzasidan ish qo‘zg‘atildi. Ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, qonunbuzarlarga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
N.Rahmonova, O‘zA