Paxtaobod tumanida pilla terilmoqda
Joriy yilda Paxtaobod tumani pillakorlari tomonidan 271 tonnadan ziyod «kumush tola» xirmonini yaratish rejalashtirilgan.
Pillachilik mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri, qolaversa, yengil sanoatning muhim xomashyosi hisoblanadi. Shu bois ham yurtimizda pillachilikni rivojlantirish, sifatli pilla yetishtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Ipak qurti boqish, pillachilik sohasida o‘ziga xos tajriba maktabi shakllangan Paxtaobod tumanida joriy yilda 4 ming 745 quti ipak qurti parvarishlanib, 271 tonna pilla xomashyosini yetishtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Umuman, tumanda pilla yetishtirish bo‘yicha belgilangan barcha ishlar reja asosida olib borildi. Ipak qurti boquvchilar tomonidan ipak qurti parvarishi bo‘yicha barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazildi. Bundan tashqari, pilla yetishtiruvchilar uchun mavsum avvalidan 300 ming so‘mdan avans pullari berildi. Bu yil pilla xomashyosining har bir kilogrami uchun 24 ming 700 so‘mdan haq to‘lanib, bunga qo‘shimcha davlat tomonidan 5 ming so‘mdan subsidiya puli qo‘shib berilishi belgilangan.
Ayni kunda tumanda yetishtirilgan pillani yig‘ib-terib olish ishlari boshlandi. Ushbu jarayonda tumandagi Olim Qurbonov, Andijon massivlari pillakorlari peshqadamlik qilmoqda.
[gallery-7096]
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA